Qoraqalpog‘iston. 100 yildan oshgan gujum daraxtlari davlat nazoratiga olindi.
19.
07. 2020
12:20
652
Ekanadzor

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 yanvardagi «Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalardan foydalanishni tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida ruxsat berish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya qo‘mitasining inspektorlari tomonidan ko‘p yillik daraxt turlari o‘rganilmoqda.

Mazkur qo‘mita Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘rganish jarayonida Chimboy tumanidagi «Gujum», «Baxtli», «Qo‘sterak» ovul fuqarolar yig‘inlari hududida jami 8 tup 100 yildan oshgan gujum daraxti aniqlandi.

Gujum daraxti o‘ta chidamli bo‘lib, yuz yildan ortiq umr ko‘radi. Mutaxascislarning ta’kidlashicha, qayrag‘ochlar oilasiga mansub ushbu nabotot namunasi joy tanlamaydi. Xuddi yantoqqa o‘xshab chuqur ildiz otib, qurg‘oqchil, sho‘rlangan yerlarda ham o‘saveradi. Barglari tukchalar bilan qoplangani bois quyosh issiqligini o‘tkazmaydi. Havodagi namlikni so‘rib olishi tufayli bug‘lantirish xususiyati kam. Shu bois ihotazorlar barpo etishda, asosan, gujumdan foydalaniladi.

Darhaqiqat, gujum qum ko‘chkilarining oldini olish, shamol yo‘lini to‘sish, tuproqni eroziyadan asrashdan tashqari, iqlimni mo‘‘tadil saqlashda qo‘l keladi. Ayniqsa, yozning jaziramasida quyuq soya berib, oftobning tangadek nurini ham o‘tkazmaydi. U karbonat angidrid gazini yutib, ko‘p miqdorda kislorod ishlab chiqaradi, noorganik changlarni tutib, havoni tozalaydi. Bu — har qanday issiq, xususan, vohaning keskin kontinental iqlim sharoitida ham insonning hordiq chiqarishi uchun qulay sharoit yaratadi, deganidir.

Gujum daraxti ildizi va urug‘idan ko‘payadi. U sadaqayrag‘och, ya’ni qoramon daraxtiga payvand qilinsa, sizot suvlariga chidamliligi yanada mustahkamlanadi, umri esa uzayadi.

Chimboy tumani hokimining joriy yil 10 iyuldagi qarori bilan 100 yildan oshgan 8 tup gujum daraxti «Milliy tabiat esdaligi» deb e’lon qilindi va muhofaza qilinadigan hududlar davlat kadastriga kiritildi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA

Manba: http://uza.uz/oz/society/100-yildan-oshgan-....

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar