O‘zbekistonda Markaziy Osiyodagi birinchi eko-universitet — "Green University" rasman ochildi
11.
02. 2024
12:39
2801
Янгиликлар

10-fevral kuni Toshkent viloyatida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (“Green University”)ning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda IUCN bosh direktori Gretel Agilar, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va Markaziy Osiyo davlatlari ekologiya vazirlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Ochilishda nutq so‘zlagan Gretel Agilar "Green University"ning mintaqadagi ekologik muammolarni hal qilishdagi o‘rni alohida ekanligini ta'kidladi.  

“Oʻzbekiston hukumatini ekologik yetakchilik va taʼlimni rivojlantirishga xizmat qiladigan yirik mintaqaviy tashabbus - “Central Asian Green University” ochilishi bilan tabriklaymiz. Ushbu universitet biologik xilma-xillikning yoʻqolishi, iqlim oʻzgarishi va ifloslanishning uch karra sayyoraviy inqirozini hal qilishda yordam beradi. Ekologik taʼlim orqali universitet boy tabiatga ega mintaqani asrashga xizmat qiladi”, — dedi u.

 

Tadbir davomida mehmonlar universitetda yaratilgan qulay shart-sharoitlar bilan tanishishdi. Bu yerda talabalarning bilim olishi uchun soʻnggi texnologiyalar bilan jihozlangan xonalar, keng kutubxona, darsdan tashqari vaqtda shugʻullanish uchun sport zali va boshqa qulayliklar yaratilgan.

Maʼlumot uchun, “Green University” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida tashkil etilgan. Maqsad mahalliy, mintaqaviy va global ekologik muammolarni samarali boshqarish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy va intellektual salohiyatni amalga oshirishda innovatsion gʻoyalar, amaliyot va texnologiyalarni joriy etishdir. 

Universitet davlat oliy taʼlim muassasasi boʻlib, “Hub and Spoke” tamoyili asosida faoliyat olib boradi. Ushbu model strategik va oʻzaro manfaatli hamkorlikka, yaxlit oʻquv tizimini yaratishga, resurslarni optimallashtirishga, talabalar va mutaxassislarning harakatchanligiga asoslanadi, shuningdek, mahalliy mutaxassislar salohiyatini oshirish, bilim va tajriba almashishga yordam beradi.

Hozirgi kunda hamkorlik uchun universitetga Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, AQSH va boshqa davlatlar xalqaro universitetlarining turli professorlarini faol jalb etmoqda.

Фойдали манбалар