Markaz faoliyatining asosiy maqsadi va faoliyat turi

Markaz faoliyatining asosiy maqsadi Respublikada ekologik sertifikatlashtirish, standartlashtirish va me’yorlashtirish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash (markirovkalash) sohasida yagona siyosatini joriy etish, amalga oshirish va bu tizim bo‘yicha tashkiliy-metodik ishlarga rahbarlik qilish, muassisning topshiriqlarini o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash, shuningdek ushbu ustavda ko‘rsatilgan boshqa ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish hisoblanadi.

Markaz o‘z maqsadlariga muvofiq quyidagi faoliyat turlarini amalga oshiradi:

Ekologik sertifikatlashtirish bo‘yicha:

– atrof – muhit va aholi salomatligiga zarar yetkazmagan holda faoliyat yuritishning eng samarali va xavfsiz yo‘nalishlarini belgilash maqsadida tabiiy ob’ektlarni zararlanish darajasi, sifati va holatini baholash orqali ekologik sertifikatlashtirish ishlarini amalga oshirish;

– odamlarning hayoti, sog‘lig‘i, yuridik va jismoniy shaxslarning mol – mulki hamda atrof muhit uchun xavfli bo‘lgan mahsulotlarni belgilangan me’yor va talablarga muvofiqligini tasdiqlash;

– chiqindilar va chiqindi bilan bog‘liq ishlarni ekologik normativlarga muvofiqligini, ularni hosil bo‘lishi va bartaraf etilishi jarayonida fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga, shuningdek atrof – muhitga yetkazishi mumkin bo‘lgan zararli ta’sirlarni aniqlash maqsadida ekologik sertifikatlashdan o‘tkazish;

– ishlab chiqarish texnologik jarayonlarining ekologik talablarga muvofiqligini baholash;

– xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan texnika va texnologiyalarni qo‘llashda standartlar va ekologik normativlarga rioya etilishini aniqlash va ko‘rsatilayotgan ishlar hamda xizmatlarni ekologik sertifikatlashtirish;

– yangi avtotransport vositalarining “Evro” ekologik darajasini aniqlash va talablarga muvofiqligi bo‘yicha ekologik sertifikatlashtirish;

– yangi avtotransport vositalarini O‘zbekiston Respublikasida belgilangan “Evro” ekologik darajasi talablariga nomuvofiqligi aniqlanganda, bu to‘g‘rida tegishli xulosa berish;

– ekologik menejment tizimini ISO 14000 (14001) xalqaro standart talablariga muvofiqligini sertifikatsiya qilishni yo‘lga qo‘yish;

– ekologik xavfsizlikni ta’minlash maqsadida respublika hududida ishlab chiqariladigan mahsulotlarni, ko‘rsatiladigan xizmatlarni ekologik xavfsizlik belgisi bilan markirovkalash tizimini joriy etish;

– mahsulotlarni ekologik talab asosida sertifikatlashtirishda ularning o‘z xususiyati (me’yor, ko‘rsatkich)lariga mosligini akkreditlangan sinov laboratoriyalarining bergan xulosalariga ko‘ra aniqlash;

– “O‘zstandart” agentligi tomonidan tasdiqlangan akkreditatsiya doirasida ishlarni olib borish va undan chetga chiqmaslik.
 

Ekologik standartlashtirish bo‘yicha:

– respublikada aholi salomatligi va atrof – muhitni muhofaza qilishga oid jahon andozalariga mos me’yorlarni ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yish;

– ekologik xavfsizlikni ta’minlovchi standartlarni ishlab chiqish, ISO xalqaro standartlarini korxona va tashkilotlarda joriy etish va sertifikatlashtirishni yo‘lga qo‘yish, tegishli takliflarni berish va nazorat qilish;

– ekologik standartlarni Milliy standartlashtirish tizimi orqali Xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirishda qatnashish.
 

Ekologik me’yorlashtirish bo‘yicha:

– Qoraqalpogiston Respublikasi va viloyat filiallari tomonidan atrof - muhitni ifloslantiruvchi chiqindilarni joylashtirishning PDV, PDO, RSV, PDS, chegaraviy me’yorlari hujjatlarini ishlab chiqish va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi va viloyatlar ekologiya va atrof – muhitni muhofaza qilish boshqarmalariga tasdiqlashga taqdim etish;

– Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda atrof – muhitni ifloslantiruvchi manbalarning umumiy ro‘yxatidan foydalanish.
 

Sinov laboratoriyasida sinov ishlarini o‘tkazish bo‘yicha.

Markaz o‘zining akkreditatsiyadan o‘tgan sinov laboratoriyasida quyidagi ishlarni amalga oshiradi:

– Respublika hududiga olib kirilayotgan va olib chiqilayotgan ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarni, ishlab chiqarish texnologik jarayonlarni, xizmatlarni, respublika hududida ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘lgan chiqindilarni ekologik sertifikatlashtirish ishlarida;

– Ishlab chiqarish korxonalari tomonidan o‘rnatilgan ekologik me’yorlarga muvofiq ish olib borilayotganligi bo‘yicha idoraviy nazorat ishlarida;

– Respublikamizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning ekologik xavfsizlik tamg‘asi bilan markirovkalash jarayonida tuproq, suv va havo tarkibini tahlil qilishda;

– Mahsulotlarda GMO, antibiotik mavjudligi tahlili jarayonlari sinov ishlarini o‘tkazadi.
 

Ekologik markirovkalash bo‘yicha:

– Respublikamizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning ekologik me’yorlarga muvofiqligi bo‘yicha ishlarni amalga oshirish hamda ekologik xavfsiz tamg‘asi bilan mahsulotlarni markirovklash.

– Ekologik xavfsiz mahsulotlarni markirovlashga taalluqli standartlarni ishlab chiqish, ISO xalqaro standartlarini respublikada joriy etish va markirovkalashni yo‘lga qo‘yish, tegishli takliflarni berish va nazorat qilish;
 

Markaz vazifasi va vakolatlari

Markazning vazifalari quyidagilardan iborat:

– ekologik sertifikatlashtirilishi lozim bo‘lgan ob’ektlar nomenklaturasini ishlab chiqish va zarurat yuzaga kelganda ularga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritib borish;

– ekologik sertifikatlashtirish, standartlashtirish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash (markirovkalash)ga oid normativ hujjatlar bazasini shakllantirish va doimiy ravishda takomillashtirib borish;

– ekologik sertifikatlashtirish, standartlashtirish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash (markirovkalash)ga oid faoliyatni to‘g‘ri amalga oshirilishini ta’minlash hamda tashkiliy - metodik hujjatlarni ishlab chiqish;

– ekologik sertifikatlashtirish ishlarini amalga oshirishda akkreditlangan sinov laboratoriyalarining bergan ma’lumot va natijalariga tayangan holda ekologik xavfsizlikning me’yor va ko‘rsatkichlariga doimiy rioya etilishini ta’minlash;

– ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish sohasida ekspert – auditor kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini tashkil etish, akkreditatsiya doirasida ularni attestatsiyadan o‘tkazishda ishtirok etish;

– ekologik sertifikatlar reestrini yuritish;

– filial va uning Ekologik sertifikatlashtirish organlarini ekologik sertifikat blankalari bilan markazlashtirilgan holda ta’minlash;

– ekologik sertifikatlashtirish ishlarining to‘g‘ri amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida o‘rnatilgan tartibda “Ichki audit” o‘tkazish va uning natijalariga ko‘ra kamchiliklarni bartaraf etish;

– ekologik sertifikatlashtirish natijalari bo‘yicha xavfsizlik ko‘rsatkichlarini to‘liq qamrab olinishini ta’minlash;

– ekologik sertifikatlashtirish ishtirokchilari bo‘lgan va boshqa manfaatdor shaxslarni ekologik sertifikatlashtirishga oid ma’lumot va axborot bilan ta’minlash;

– ekologik sertifikatlarni rasmiylashtirishda akkreditlangan sinov laboratoriyalarining sinov natijalari va ekspert – auditorlar xulosalariga tayangan holda ekologik sertifikatlar va xulosalarni rasmiylashtirish;

– ekologik sertifikatlashtirish natijalarining haqkoniyligini ta’minlash;

– ekologik sertifikatlashtirishni o‘tkazish tartibi va natijalariga ko‘ra taqdim etilgan apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish;
 

Markaz quyidagi vakolatlarga ega:

– o‘z vakolati doirasida vazirlik, qo‘mita, idora va tashkilotlarning tegishli tuzilmalaridan ish faoliyati uchun kerak bo‘lgan ma’lumot va axborotlarni olish;

– Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar filiallarining faoliyatini nazorat qilish va amaliy – metodik yordam ko‘rsatib borish;

– muassis bilan kelishilgan holda ekologik sertifikatlashtirishni o‘tkazish uchun narxlar va tariflarni belgilash;

– ekologik sertifikatlashtirish masalasida qilingan murojaat va arizalarni qabul qilish hamda o‘rganib chiqish;

– murojaatlarni o‘rganish natijasi yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilish;

– har bir aniq holatda analitik – sinov laboratoriyasini tanlash, namunalarni olish, sinov o‘tkazish hamda ishlab chiqarishni nazorat qilish tartibini belgilash;

– ekologik sertifikatlashtirish organiga berilgan vakolatlar doirasida tegishli ob’ektlarni ekologik sertifikatsiyadan o‘tkazish va ekologik sertifikatlar taqdim etish;

– arizachiga taqdim etilgan ekologik sertifikatlarni amal qilishini to‘xtatish yoki bekor qilish;

– ekologik xavfli mahsulot va chiqindilarni O‘zbekiston Respubkasiga olib kirish va ularni uning xududidan olib chiqishda, O‘zbekiston Respublikasi hududida belgilangan “Evro” ekologik darajadan kam bo‘lmagan yangi avtotransport vositalarini olib kirish va olib chiqishda, mahsulotlarni ishlab chiqarish texnologik jarayonlarini va xizmat (ish)larni ekologik sertifikatlashtirishda ularning ekologik sertifikatlashtirish va sinov laboratoriyalari talablariga javob bermasligi aniqlanganda murojaat etuvchi shaxs yoki korxonalarga ekologik sertifikat berish yuzasidan rad javobini berish;

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2000 yil 19 apreldagi “Ekologik xavfli mahsulot va chiqindilarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirishni va ularni uning xududidan olib chiqishni tartibga solish to‘g‘risida”gi 151-sonli qarori asosida ekologik xavfli mahsulot va chiqindilarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirishni va ularni uning xududidan olib chiqishni tartibga solishni ekologik sertifikatlashtirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007 yil 7 aprelda ro‘yxatdan o‘tgan “O‘zbekiston Respublikasiga olib kiriladigan benzin va dizel motorlari bilan “M2”, “M3” va “N2” toifalaridagi yangi avtotransport vositalarini “Evro 2” ekologik darajadan kam bo‘lmagan talablarga muvofiqligi bo‘yicha ekologik sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risida vaqtinchalik Yo‘riqnoma” asosida ekologik sertifikatlashtirishni “Davekosertifikat” DUK tomonidan amalga oshirish.

– Ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarga ekologik sertifikatlar hamda barcha toifadagi avtotransport vositalariga xulosalarni Markaz tomonidan berish;

– o‘tkazilgan ekologik sertifikatlashtirish ishlari natijalari to‘g‘risida va ekologik sertifikatlashtirish talablari bajarilmaganligi sabablari haqida “O‘zstandart” agentligiga tegishli ma’lumotlarni taqdim etib borish;

– o‘tkazilgan ekologik sertifikatlashtirish natijalari yuzasidan amaldagi me’yoriy hujjatlar asosida inspektsion nazorat o‘tkazish;

– filiallarga o‘zlari faoliyat yuritadigan hududda ekologik sertifikatlashtirish organi shaklida akkreditatsiyadan o‘tishi bo‘yicha metodik yordam ko‘rsatish;

– ekologik sertifikatlashtirish, standartlashtirish va me’yorlashtirish hamda ekologik xavfsizlik belgisi bilan markirovkalash bo‘yicha bahsli masalalar va nizolarni hal etishda sud organlarida da’vogar yoki javobgar sifatida qatnashish;

– o‘z faoliyatini amalga oshirish jarayonida o‘ziga ma’lum bo‘lgan ma’lumotlar hamda murojaat etuvchi yuridik va jismoniy shaxslarning tijorat sirlarini oshkor etmaslik;

– ekologik menejment tizimi ISO xalqaro standartlarni joriy etish maqsadida Ekologik menejment Idorasini tashkil etish va o‘rnatilgan tartib asosida akkreditatsiyadan o‘tkazish;

– ekologik sertifikatlashtirish, standartlashtirish va me’yorlashtirish hamda ekologik xavfsizlik belgisi bilan markirovkalash bo‘yicha faoliyat yurituvchi bo‘lim tashkil etish va uni malakali mutaxassislar bilan ta’minlash;

– ekologik sertifikatlashtirish, standartlashtirish va ekologik xavfsizlik belgisi bilan markirovkalash, ekologik menejment tizimi ishlarini rivojlantirish maqsadida fuqaroviy – huquqiy kelishuvlar asosida chetdan ekspert – auditor va malakali mutaxassislarni jalb etish hamda ularning mehnatiga haq to‘lash;

– Markaz xodimlari va mutaxassislarini doimiy malakasini oshirib borish maqsadida o‘qishlar tashkil etish, o‘z faoliyatiga taaluqli masalalar yuzasidan anjuman va seminarlar o‘tkazish;

– ekologik sertifikatlashtirish, standartlashtirish va ekologik xavfsizlik belgisi bilan markirovkalashning afzalliklari, erishilgan yutuqlar va kutilayotgan natijalar to‘g‘risida radio, televidenie va matbuotlarda chiqishlar qilish;

– ekologik sertifikatlashtirish masalasi bo‘yicha xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikni amalga oshirish, ushbu masalaga oid xalqaro tizim va kelishuvlarga qo‘shilish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish.