Qonunchilik

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tarkibidagi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspektsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga amal qiladi.

Davlat ekologik nazoratini amalga oshirishda qo‘llaniladigan asosiy me’yoriy-huquqiy hujjatlar:
 

O‘zbekiston Respublikasining qonunlari

Sana, raqam

«Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida»

717-I-son, 24.12.1998 y.

«Ekologik nazorat to‘g‘risida»

O‘RQ-363-son,  27.12.2013 y.

«Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»

№ 754-XII-son, 9 dekabrya 1992 y.

«Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida»

353-I-son, 27.12.1996 y.

«O‘rmon to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida

O‘RQ-475-son, 16.04.2018 y.;

«O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»

O‘RQ-409-son,  21.09.2016 y.;

«Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida

O‘RQ-408-son, 19.09.2016 y.;

«Chiqindilar to‘g‘risida»

362-II-son, 05.04.2002 y.

«Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida»

710-II-son, 03.12.2004 y.;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari

«Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»

PQ-5490-son, 27.07.2018 y.;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari

«Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»

920-son, 07.11.2018 y.;

«Tabiatni muhofaza qilishni ta’minlashning iqtisodiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»

820-son, 11.10.2018 y.;

«O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida» 

29-son, 15.01.2019 y.;


Yuridik va jismoniy shaxslarning javobgarligi

O‘zbekiston Respublikasining "Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi qonuniga muvofiq XI bo‘limda ekologik qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik ko‘zda tutilgan.

47-modda. Tabiatni muhofaza qilishga doir qonunlarni buzganlik uchun javobgarlik

Tubandagi hollarda:

– tabiatni muhofaza qilishning standartlari, normalari, qoidalari va boshqa normativ-texnik talablarini buzishda, shu jumladan korxonalar, inshootlar, transport vositalari va boshqa ob’ektlarni rejalashtirish, qurish, rekonstruktsiyalash, ulardan foydalanish yoki ularni tugatish chog‘ida, ekologiya nuqtai nazaridan xavfli mahsulotlarni chet ellarga chiqarish va chet ellardan olib kelishda hududning belgilab qo‘yilgan ekologiya sig‘imini, ekologiya normalari, qoidalarini buzishda;

– tabiiy boyliklardan o‘zboshimchalik bilan foydalanishda, davlat ekologiya ekspertizasi talablarini bajarmaganlikda;

– tabiiy resurslardan foydalanganlik uchun belgilangan to‘lovni, shuningdek atrof muhitni ifloslantirganlik va unga zararli ta’sir ko‘rsatishning boshqa turlari uchun kompensatsiya to‘lovlari to‘lashdan bosh tortganlikda;

– tabiatni muhofaza qilish ob’ektlarini qurish rejalarini, tabiatni muhofaza qilishga doir boshqa tadbirlarni bajarmaslikda;

– atrof tabiiy muhitni tiklash, unga bo‘ladigan zararli ta’sir oqibatlarini bartaraf etish va tabiiy resurslarni takror ishlab chiqarish choralarini ko‘rmaganlikda;

– tabiatni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshirayotgan idoralarning ko‘rsatmalarini bajarmaganlikda;

– tabiatni muhofaza qilish ob’ektlari va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning huquqiy rejimini buzganlikda;

– atrof tabiiy muhitga zararli ta’sirni hisobga olish qoidalarini buzganlikda;

– chiqindilarni, kimyolashtirish vositalarini, shuningdek radioaktiv va zararli kimyoviy moddalarni saqlash, tashish, ulardan foydalanish, ularni zararsizlantirish va ko‘mib yuborish vaqtida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzganlikda;

– atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish sohasidagi davlat nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarning ob’ektlarga borishiga, ayrim shaxslar va tabiatni muhofaza qilish jamoat tashkilotlariga esa o‘z huquq va vazifalarini ro‘yobga chiqarishlariga to‘sqinlik qilganlikda;

– atrof tabiiy muhitning holati va uning resurslaridan foydalanish to‘g‘risida o‘z vaqtida va to‘g‘ri axborot berishdan bosh tortganlikda aybdor bo‘lgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga binoan intizomiy, ma’muriy, jinoiy va boshqa yo‘sindagi javobgarlikka tortiladilar.


48-modda. Atrof tabiiy muhitga zararli ta’sir ko‘rsatayotgan ob’ektlar faoliyatini cheklash, to‘xtatib qo‘yish, tugatish va o‘zgartirish

Korxonalar, tashkilotlar, inshootlar va boshqa ob’ektlarning inson salomatligiga yoki yashash sharoitiga, tabiiy resurslarga, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga zararli ta’sir etgan yoki bunday ta’sir etish xavfi tug‘ilgan taqdirda ularning faoliyati cheklanishi, to‘xtatib qo‘yilishi, zararli ta’sir etish sabablarini bartaraf etishning imkoni bo‘lmagan taqdirda esa tugatilishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.

Bunday ob’ektlarning faoliyatini cheklash, to‘xtatib qo‘yish, tugatish yoki o‘zgartirish hamda ayni vaqtda ularni pul bilan ta’minlashni to‘xtatish xususidagi qarorlarni davlat hokimiyati va boshqaruv idoralari, o‘z vakolatlariga muvofiq ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari chiqaradilar. Ko‘rsatilgan choralar tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan sud tartibida qo‘llaniladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va salomatligi uchun boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bog‘liq holda faoliyatni o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib qo‘yish hollari mustasno.


49-modda. Tabiatni muhofaza qilish qonunlarini buzish oqibatida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash majburiyati

Atrof tabiiy muhitga zarar yetkazgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va ayrim shaxslar yetkazgan zararni, shu jumladan boy berilgan foyda o‘rnini qonunlarga muvofiq qoplashlari shart.

Ekologiya talablarini buzganlikda ayblanayotganlarning ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi ularni atrof tabiiy muhitga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatidan ozod etmaydi.


50-modda. Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Tabiatdan maxsus ravishda foydalanishni oqilona amalga oshirmaganlik, atrof tabiiy muhitga ifloslantiruvchi moddalar chiqarish va oqizishni, chiqindilarni joylashtirishni normativ va limitlarda belgilanganidan ko‘paytirib yuborganlik uchun korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va ayrim shaxslarga O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq oshirilgan soliq solinishi kerak.

Tegishli hollarda mahalliy davlat hokimiyati organlarining, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlarining qaroriga muvofiq aytib o‘tilgan qoidabuzarliklarning sabablariga barham berilgunga qadar yuridik va jismoniy shaxslarning xo‘jalik faoliyatini pul bilan ta’minlash to‘xtatib qo‘yilishi mumkin. Ko‘rsatilgan chora tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan sud tartibida qo‘llaniladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va salomatligi uchun boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bog‘liq holda xo‘jalik faoliyatini moliyalashtirishni o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib qo‘yish hollari mustasno.


51-modda. Tabiatni muhofaza qilishga doir qonunlarni buzish oqibatida zarar yetkazilishida aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslar va boshqa xodimlarning javobgarligi

Korxonalar, tashkilotlar hamda muassasalarning atrof tabiiy muhitga, inson salomatligi va odamlarning mol-mulkiga, xalq xo‘jaligiga yetkazilgan zararni qoplash yuzasidan chiqimdor bo‘lishida aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslar va boshqa xodimlar O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga binoan moddiy javobgar bo‘ladilar.


52-modda. Ekologiya nuqtai nazaridan zararli faoliyatni to‘xtatish xususidagi da’vo talablari

Yuridik va jismoniy shaxslar atrof tabiiy muhitga, inson salomatligi va odamlarning mol-mulkiga, xalq xo‘jaligiga ziyon yetkazayotgan ekologiya jihatidan zararli faoliyatni to‘xtatish to‘g‘risida sudga da’vo bilan murojaat qilishga haqlidirlar.

Sudning ekologiya nuqtai nazaridan zararli faoliyatni to‘xtatish to‘g‘risidagi qarori aytib o‘tilgan faoliyatni pul bilan ta’minlashni to‘xtatish uchun asos bo‘ladi.