Butunjahon tozalik kuni. Surxondaryoda ekoaktsiya ko‘tarinki ruxda o‘tmoqda
19.
09. 2020
14:48
5412
News

Bugun erta tongdan mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani singari Surxondaryo viloyatida ham Butunjahon tozalik kuni munosabati bilan «Ekologiya bizdan boshlanadi» shiori ostida ekologik aktsiya uyushqoqlik bilan boshlandi.

Termiz shahridagi «Bolajon» bog‘ida atrof-muhitga befarq bo‘lmagan ko‘ngillilar ishtirokida start olgan ekoaktsiya munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Surxondaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri A.Eshmuratov, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i B.O‘rinov so‘nggi yillarda mamlakatimizda atrof-muhit va ekologik barqarorlikni taminlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotganini alohida ta’kidladi. 12 yildan buyon 19 sentyabrda o‘tkaziladigan Butunjahon tozalik kuni ham ana shu maqsadga yo‘naltirilgani qayd etildi.

– Mamlakatimizda bu harakat o‘tgan yili ilk marta o‘tkazildi,– deydi viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i B.O‘rinov.– Joriy yilda unda ishtirok etuvchilar safi yanada kengaygani ahamiyatlidir. Zero, ekoaktsiya ishtirokchilari viloyat bo‘ylab ko‘cha va xiyobonlar, aholi turar-joylari, mahalla va guzarlarni obodonlashtirmoqda.

Biz esa ularni maxsus avtotransport vositalari, zarur anjomlar, qo‘lqop va chiqindi qoplari bilan ta’minladik. Ko‘ngillilarning aksariyati yigit-qizlar ekani ham yoshlarning atrof-muhit muhofazasiga befarq emasligi hamda ozodalikka e’tibor kuchayib borayotganini keng namoyon etmoqda.

Yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan mazkur tadbir aholining ekologik madaniyatini yanada oshirish, hududlarni chiqindilardan holi etish va bu borada xalqaro hamjamiyat tajribasini ommalashtirish maqsadida tashkil etilmoqda.

– Bobo-momolarimiz bolalikdan ongimizga ozodalik, poklik bor joyda qut-baraka, fayz bo‘ladi, degan g‘oyani singdirgan,– deydi Termiz shahridagi 15-umumta’lim maktabi yoshlar yetakchisi N.Qurbonova. – Qariyalarimizning purma’no bu gaplari saranjom-sarishtalikni milliy shiorimizga aylantirgan. Shuning uchun ham biz, ko‘ngilli yoshlar ezgu maqsadlarga qaratilgan ushbu tadbirda faol ishtirok etib, shahrimizni yanada obod va ozoda go‘shaga aylantirishga o‘z hissamizni qo‘shmoqchimiz.

Ekoaktsiya viloyatning barcha hududlarida uyushqoqlik bilan ko‘tarinki ruxda davom etmoqda.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA

Manba: http://uza.uz/oz/society/surkhondaryeda-ekoaktsiya-...

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources