Toza havo barcha uchun
22.
10. 2020
09:15
6182
News

Transport vositalaridan chiqayotgan zararli is-gazlar, sanoat chiqindilari va ekotizimning buzilishi yildan-yilga havoning ifloslanishiga olib kelyapti. Oqibatda, onkologik, nafas respirator va yurak-qon tomir kasalliklarining ko‘lami ortib bormoqda.

Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun, avvalo havoning sifat monitoringini o‘tkazish, ya’ni turli moddalardan ifloslanish darajasini o‘lchash zarur. Ushbu tahlil natijalari bo‘lganidagina havoning ifloslanishi va buning inson salomatligiga salbiy ta’sirini kamaytirish choralarini ko‘rish mumkin.

Kuni kecha BMTning Atrof-muhit dasturi (YUNEP), BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, BMTning Taraqqiyot dasturi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha davlat qo‘mitasi va boshqalar ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatida havo sifati, uning monitoringi hamda holatiga oid ma’lumotlar ochiq-oshkoraligi masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda «Zamin» fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoeva ishtirok etib, ushbu masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

BMT Atrof-muhit dasturining Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Bruno Pozzi: «Havoning ifloslanishi chegara bilmaydi. Bu barchamizga ta’sir qiladi va biz ushbu muammoni hal qilish uchun kuchlarni – hukumatlar, nodavlat tashkilotlar, fuqarolik jamiyati, ilmiy doiralar, biznes va sanoat sohasini birlashtirishimiz kerak. Har bir inson toza havodan nafas olishga haqlidir. Hozir, global sog‘liqni saqlash inqiroziga duch kelgan paytimizda, bu ayniqsa muhim», — deya ta’kidlab o‘tdi.

«Zamin» fondi hamda YUNEP ko‘magida Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan «Atmosfera havosi ifloslanishining monitoringini avtomatlashtirish» loyihasi uch bosqichda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda loyihaning birinchi bosqichi yakunlanib, 63 ta kuzatuv punkti yagona tahliliy markazga birlashtirildi. Monitoring natijalari monitoring.meteo.uz ochiq onlayn platformasi va AirUz mobil ilovasida e’lon qilib boriladi.

Ikkinchi bosqichda butun respublika bo‘ylab avtomatik havo monitoringi stansiyalarini o‘rnatish va havo monitoringi uchun xalqaro standartlarni joriy etish ko‘zda tutilgan.

Uchinchi bosqichda monitoring natijalari respublikadagi Yagona geoinformatsion ma’lumotlar bazasiga kiritilib, xalqaro axborot tizimlariga integratsiyalanadi.

Grant mablag‘lari asosida o‘rnatiladigan ushbu stansiyalar to‘liq ishga tushishi natijasida, havo sifati monitoringi xalqaro standartlarga muvofiq har soatda olib boriladi. Fuqarolar o‘zi istiqomat qiladigan joyining havosini ifloslanganlik darajasini va uning sabablarini aniq bilish imkoniga ega bo‘ladi.

Zamin Foundation

Manba: https://www.zaminfoundation.ngo/oz/articles/clean-air-rd

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources