Bobotog‘ tog‘larining noyob tabiatini o‘rganish bo‘yicha ekspeditsiya uyushtirildi
04.
11. 2020
11:12
7220
News

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi qoshidagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti bioxilmaxillikni saqlash bo‘limi hodimlari Agzamov Fazlulloxon va Jo‘rabek To‘laevlar O‘zbekiston Respublikasi davlat o‘rmon qo‘mitasi bilan hamkorlikda Surxondaryo viloyati Bobotog‘ tog‘larida joylashgan Bobotog‘ o‘rmon xo‘jaligi hududi tabiatini o‘rganish maqsadida ilmiy ekspeditsiya tashkil etdi.

Bobotog‘ning noyob tabiatini saqlab qolish yuzasida mamlakatimiz Prezidenti Sh.M. Mirziyoev ham 2020 yil 10 avgustda tabiat muhofazasi masalalariga bag‘ishlangan majlisida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini kengaytirish masalasiga alohida to‘xtalib, Bobotog‘da ham Milliy tabiat bog‘ini 2021 yil yakunigacha tashkil etish yuzasidan topshiriq bergan edi.

Ekspeditsiya davomida hududning noyob xayvonot va o‘simlik dunyosi, ekoturizm imkoniyatlari o‘rganildi.

Bobotog‘ tog‘lari hayvonot dunyosi juda boy bo‘lib, bu yerda yurtimizning boshqa yerlarida uchramaydigan hayvonlarni uchratish mumkin. Jumladan bu yerda tog‘ etaklaridagi qirlarda sirtlon, tog‘ o‘rmonlarida silovsin, Buxoro tog‘ qo‘ylari, toshsuvsar, jayra, bo‘rsiq, kobra iloni, qushlardan qumoylar, qora tasqara, boltayutar, jo‘rchi, burgut, lochin kaklik va chil kakliklar uchraydi. Tog‘ning turli hududlarida aholi qoplon ko‘rishganini ham ma’lum qilishgan.

Ekspeditsiya davomida ilk marta Buxoro tog‘ qo‘ylarining Boboto populyatsiyasidagi yovvoyi qo‘ylar suratga olindi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources