Navoiy viloyati. Noqonuniy ovchilar qilmishi sudda ko‘riladi
02.
07. 2021
19:08
5162
Econadzor

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspektsiya xodimlari tomonidan mamlakatimizning barcha hududlarida doimiy ravishda tezkor reydlar tashkil etib kelinmoqda. Bunda asosiy e’tibor brakonerlikka qarshi kurashga qaratilmoqda.

Bugun, ya’ni 2021 yilning 2 iyul kuni Konimex tumanidagi «Ko‘kcha» ovul fuqarolar yig‘ini hududida o‘tkazilayotgan navbatdagi reyd davomida ham huquqbuzarlar fosh etildi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Navoiy viloyati inspektsiyasi boshlig‘i Sherzod Ergashevning ma’lum qilishicha, 2 nafar fuqaro ov ta’qiqlangan davrda «Neksiya» avtomashinasiga o‘rnatilgan qo‘lbola tunggi yoritgich moslamasi hamda 12 kalibrli ov qurolida 7 dona yovvoyi quyon va 2 dona kaklik ovlagani aniqlandi.

Karmana tumani «Ziyokor» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi bu fuqarolarga nisbatan voqea joyida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, noqonuniy yo‘l bilan topilgan o‘lja va ov qurolli belgilangan tartibda olib qo‘yildi. «Neksiya» avtomashinasi esa jarima maydoniga joylashtirildi.

Ashyoviy dalillar asosida to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlar bo‘yicha Konimex tuman sudiga yuborish uchun tayyorlanmoqda.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources