Ramsar konventsiyasi bosh kotibi bilan uchrashuv o‘tkazildi
20.
10. 2021
21:55
4122
News

Davlat ekologiya qo‘mitasi delegatsiyasi xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvda suzuvchi qushlarning yashash joylari bo‘lgan suvli-botqoq joylar to‘g‘risidagi konventsiyasining (Ramsar konventsiyasi, 2.02.1971, Ramsar, Eron) Bosh kotibi Marta R. Urrego xonim bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda suv qushlarining yashash joylari uchun muhim bo‘lgan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish bo‘yicha erishilgan yutuqlar va keyingi rejalar haqida so‘z yuritildi.

O‘zbekiston tomoni tabiiy resurslarni barqaror boshqarish sohasidagi hozirgi holat va olib borilayotgan ishlar, shuningdek, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni, shu jumladan mamlakatimizda Ramsar Konventsiyasiga kiritilgan ob’ektlarini saqlash va kengaytirish rejalari haqida ma’lumot berdi.

Kotibiyat suv botqoq yerlarida tadqiqot ishlarini olib borish sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning malakaviy salohiyatini oshirishga yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar 2021 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan 14 - Tomonlar konferentsiyasida ishtirok etishining muhimligini ta’kidladilar. Mazkur konferentsiyada 2020 yildan keyingi bioxilma-xillikning global tizimi va global maqsadlarga erishishning asosiy ko‘rsatkichlari muhokama qilinishi kutilmoqda.

Uchrashuv yakunida Kotibiyat O‘zbekiston hukumatiga respublikamizda Ramsar ro‘yxatiga kiritilgan botqoqli ekotizimlar va ob’ektlarni saqlashga alohida e’tibor qarayotgani uchun minnatdorchilik bildirdi, shuningdek, yangi Ramsar hududlarini tashkil etish va boshqarishda ekspert yordamini ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 75 -sessiyasi tomonidan 2021 yil 30 avgustda qabul qilingan Ramsar konventsiyasi qabul qilingan sana 2 fevralni - Butunjahon suv-botqoqli yerlar kuni deb e’lon qiluvchi rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi respublika tomonidan qo‘llab quvvatlangani uchun minnatdorchilik bildirildi.

Ma’lumot uchun: hozirda O‘zbekiston hududida Ramsar konventsiyasi ro‘yxatiga kiritilgan 3 ta ob’ekt mavjud, jumladan Dengizko‘l (2002) Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi (2008), shuningdek, Quyimozor va To‘dako‘l suv omborlari (2020).

Goskomekologii RUz

Goskomekologii RUz

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources