2021 yil 29 dekabrda kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining videoselektor tarzidagi navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Qo‘mita raisi o‘rinbosari I. Boqijonov boshqargan majlisda joriy yildagi faoliyatning dastlabki sarhisobi qiyosiy misollarda ko‘rib chiqildi. Erishilgan yutuqlar e’tirof etilishi barobarida, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etishga urg‘u berildi.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi vazifalariga sovuqqonlik bilan yondoshib, turli kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan rahbar xodimlarga intizomiy chora ko‘rildi.
Qo‘mita markaziy apparati boshqarmalari va bo‘limlari boshliqlari, hududiy boshqarmalar rahbarlari ishtirok etgan muloqot davomida, shuningdek, debitor qarzdorliklarning undirilishi yuzasidan belgilangan vazifalarning ijrosi yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari tinglandi. Kirib kelayotgan 2022 yilda qo‘mita oldidagi mas’uliyatli vazifalar yanada kengayishi kutilayotgan kelib chiqib, ularni vaqtida sifatli bajarish maqsadida tizimni raqamlashtirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirishga qaratilgan takliflar muhokama qilindi.
Shu bilan birga yig‘ilish doirasida Qo‘mita buyrug‘i bilan Askar Jaloliddinovich Karabaev Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, Bo‘riev Qahramon Jovlievich - Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari etib hamda Laziz Xasanov Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Inspektsiya boshlig‘i etib tayinlangani ma’lum qilindi.
|
Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati