Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi N. Oblomuradov ICBA xalqaro markazi hududidagi pitomnik va issiqxonalarni ko‘zdan kechirib, taklif va tavsiya berdi.
ICBA xalqaro markazi (BAA) moliyaviy ko‘magida Orol dengizining qurigan tubidan 10 xildan ortiq tuproq tiplarini bir joyga to‘plash va ilmiy tadqiqotlar olib borish maqsadida lizimetrik tadqiqot maydonchasi barpo etildi va tuproqlar olib kelinib, tadqiqot ishlari boshlandi. Lizimetrlarda o‘tkaziladigan tadqiqotlar natijasida tuproq aeratsiya qatlamining suv va tuzlar muvozanati bo‘yicha sonli qiymatlarigina emas, balki juda katta amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan turli qimmatli ma’lumotlar to‘planadi.
Shamol energiyasi yordamida yer osti suvlarini tortib chiqarish qurilmasi elektr energiyasi bo‘lmagan cho‘l, yaylovlarda joylashgan xo‘jaliklarda foydalanishga juda qulay va yuqori samarali qurilma hisoblanadi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi N. Oblomuradov ICBA xalqaro markazi hududida tashkil qilingan ko‘chat o‘tqazish tadbirida ham ishtirok etib, agrolotok innovatsion qurilma bilan yaqindan tanishdi.
Keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etgan tadbirda markaz hududiga manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Aytish lozim, bu yerda ko‘chatlarni zamonaviy texnologiyalar yordamida sug‘orish va parvarishlash imkoniyati yaratilgan, ya’ni agrolotok qurilmasidan foydalaniladi.
Havodan yomg‘ir, shudring suvlarini o‘zlashtirish, yig‘ish xususiyatiga ega bo‘lgan agrolotok innovatsion qurilmasi 40% dan ortiq suvni tejash, tuproq sho‘rlanishining kamayishi, daraxt ko‘chatalri va o‘simliklarning o‘sishi samaradorligini oshirish, lotok ostida tuproq eroziyasining va begona o‘tlarning o‘sishining oldini olish kabi qator afzalliklarga ega.
Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati