Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi N.Oblomuradov Vobkent O‘rmon xo‘jaligi bo‘limidagi ko‘chat zaxirasi bilan tanishish jarayonida bu yerda Buxoro iqlimiga moslab yetishtirilayotgan ko‘chatlarni ham ko‘zdan kechirdi
O‘rmon xo‘jaligi bo‘limi rahbari Rustam Hojiyevning maʼlum qilishicha, bo‘limda keyingi paytlarda viloyat iqlimiga mos keladigan daraxt ko‘chatlarini parvarishlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilayapdi. Masalan, mutaxassislar bilan maslahatlashilgan holda sadaqayrog‘ochni ko‘paytirish keng yo‘lga qo‘yilgan.
Qayrag‘ochdoshlar oilasiga mansub bo‘lgan sadaqayrog‘ochning ildiz otishi kuchli, tuproqning sizot suvlariga chidamli bo‘lib, bu daraxt tuproq tanlamaydi. Qayrag‘ochlar urug‘laridan yoki ildiz bachkilaridan ko‘karib chiqib, yerga chuqur tomir otib ko‘payishi bilan ham boshqa turdagi daraxtlardan ajralib turadi.
Qo‘mita raisi bu kabi amaliy ishlarni viloyatning boshqa hududlarida ham ommalashtirish yuzasidan masʼullarga ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.
Buxoro viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati