Qoraqalpog‘iston Respublikasiga press-tur tashkil etildi
25.
05. 2023
19:43
2287
News

Oʻzbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi hamkorligida jurnalistlar, blogerlar hamda ekofaollar ishtirokida press-tur tashkil etildi. Press-tur Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatining faoliyati va Orolboʻyi mintaqasida choʻllanishning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan keng jamoatchilikni tanishtirish maqsadida amalga oshirildi.

Press-tur davomida jurnalistlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining bir qator hududlari, xususan, Tabiat resurslari vazirligi tasarrufidagi Sudochye-Akpetki davlat buyurtma qoʻriqxonasining “Sudochye” koʻli, “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bogʻi hududidagi “Sariqamish” koʻli, Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati, noyob Buxoro bug’ulari, Jampiq qalʼasi kabi obyektlar bilan tanishishdi. 

Dastlabki manzil “Sudochye” ko‘li bo‘ldi. OAV vakillari hudud bilan batafsil tanishtirilib, muhim ma’lumotlar berildi.

“Sudochye”, aslida, “suvi duchchi” degan mahalliy soʻzdan olingan, yaʼni “suvi chuchuk” maʼnosini anglatadi. Ushbu koʻllar tizimida hozirda 240ga yaqin turdagi minglab koʻchmanchi va doimiy yashovchi qushlar mavjud boʻlib, ular orasidan tabiatda kam uchraydigan flamingo qushlar toʻdasini ham uchratish mumkin, – dedi Sudochye-Akpetki davlat buyurtma qoʻriqxonasi inspektori Temurbek Mamatayev jurnalistlarga “Sudochye” ko‘li haqida ma’lumot berarkan. – “Sudochye”da Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kirgan 40 turdagi qushlarning 30 turi, Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro tashkilotining “Yoʻq boʻlib ketish xavfi ostidagi turlarning Qizil roʻyxati”ga kiritilgan 24 turdagi qushning 18 turi yashaydi”.

Press-tur davomida “Sariqamish” ko‘liga sayyohlar tashrifining oshib borayotgani, ko‘l hududidagi noyob qushlar haqida ma’lumot berildi. Bundan tashqari, Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatidagi maxsus parvarishxonada noyob Buxoro bug‘ularining soni ortib borayotgani ta’kidlandi. Xususan,  Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati direktori Oybek Matkarimovning ta’kidlashicha, ayni damda rezervatning “Baday toʼqay” qo‘riqxona bo‘limi hududida 1700 boshdan ortiq Qizil kitobga kiritilgan Buxoro bugʼusi mavjud.

Jampiq qal’asiga tashrif davomida esa jurnalistlarga qal’aning uzoq yillik tarixi haqida ma’lumot berilib, ayni damdagi holati bilan tanishtirib o‘tildi.

Ta’kidlash kerakki, Orolboʻyi mintaqasida choʻllanishning oldini olish, hayvonot va nabotot olamini asrab-avaylash hamda ularning sonini oshirish maqsadida qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan hayvonlar, qushlar va o‘simliklar alohida muhofazaga olingan. 

“Afsuski, ba’zan noyob hayvonlar, qushlarni ovlash maqsadidagi brakonyerlar ham uchrab turadi, – deydi  “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bogʻida inspektori Asqar Xo‘jayev. – Ammo ularga qarshi doimiy chora-tadbirlar ko‘rib kelinmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan noyob hayvonlar yoki qushlar qattiq muhofaza qilinadi”. 

Ma’lumot uchun, nafaqat “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bogʻi, balki Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati va boshqa obyektlarda ham tabiatni asrash yo‘lida doimiy ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Useful resources