“Toza havo” oyligining 1-bosqichida 1 549 ta avtotransport haydovchisiga chora ko‘rildi
29.
05. 2023
18:17
3042
News

Joriy yilning 10-aprelidan 10-mayiga qadar Tabiat resurslari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida foydalanishda bo‘lgan avtotransport vositalarining ekologik holati yuzasidan davlat ekologik nazoratini olib borish maqsadida respublika miqyosida “Toza havo” oyligining 1-bosqichi o‘tkazildi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligi Axborot xizmati rahbari Lola Rahmonboyeva ishtirokidagi brifingda ma'lum qilindi.

Oylik davomida jami 161 537 ta avtotransport vositalari qamrab olindi va shundan 153 761 tasi toksiklik darajasi, 7 776 tasi esa tutun qalinligi bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazildi. Tekshiruvlar davomida avtotransport vositalarining 4 326 tasi, yaʼni 2,7 foizida ishlatilgan gazlarining ifloslantiruvchi moddalari miqdori o‘rnatilgan meʼyorlardan yuqori ekanligi aniqlandi.

Toshkent shahrida 11 078 ta avtotransport vositasi tekshirilib, ularning 408 tasi yoki 2.7 foizida atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli gazlar miqdori meʼyordan ortiq ekanligi aniqlandi.

Oylik davomida avtotransport vositalarining ishlatilgan gazlarining ifloslantiruvchi moddalari miqdori o‘rnatilgan meʼyorlardan yuqorilik darajasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan kamaygani kuzatildi.

Tadbir davomida ishlatilgan gazlarda ifloslantiruvchi moddalar davlat standartlarining belgilangan normalarini qo‘pol ravishda buzgan 1 549 ta avtotransport haydovchisiga nisbatan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari bilan 246 million 225 ming so‘m jarima choralari qo‘llanildi hamda 1 525 tasining harakati vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yildi.

Mazkur tadbir davomida muntazam Yo‘l patrul xizmati maskanlarida, ko‘chalarda hamda avtokorxonalarga kirish/chiqish joylarida foydalanishda bo‘lgan avtotransport vositalari tekshirilib, ularda ishlatilgan gazlarda ifloslantiruvchi moddalar davlat standartlarida belgilangan normalardan ortiq bo‘lgan taqdirda vaqtincha to‘xtatib, taʼmirlash evaziga jami 92,8 tonna ifloslantiruvchi modda atmosfera havosiga chiqarilishining oldi olingan.

Shu o‘rinda “Toza havo” oyligining ikkinchi bosqichi joriy yilning sentyabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilganini maʼlum qilgan holda yurtdoshlarimizdan avtotransport vositalaridan foydalanishda ekologik meʼyorlarga ham amal qilishlarini so‘rab qolamiz

Useful resources