Ekologik masalalarga bag‘ishlangan eng yaxshi eko-maqola va video roliklar tanlovi o‘tkaziladi
01.
02. 2024
15:52
3728
News

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan “Uzbekistan eco-publication and video clips award” (“Eng yaxshi eko-maqola va video roliklar”) tanlovi oʻtkaziladi.

Tanlovda mamlakatimizning ekologik kelajagiga befarq boʻlmagan barcha, jumladan, jurnalist, bloger, talaba, oʻquvchi, davlat va nodavlat-notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etishlari mumkin.

Tanlov g‘oliblari quyidagi nominatsiyalar boʻyicha aniqlanadi:

— “Oʻzbekistonda iqlim oʻzgarishiga moslashish” mavzusida o‘zbek, ingliz  va rus tillaridagi eng yaxshi material;
— “Oʻzbekistonda bioxilma-xillikni saqlash” mavzusida o‘zbek, ingliz va rus tillaridagi eng yaxshi material;
— “O‘zbekistonda atmosfera havosini muhofaza qilish” mavzusida o‘zbek, ingliz va rus tillaridagi eng yaxshi material;
— “Oʻzbekistonda chiqindilarni boshqarish” mavzusidagi o‘zbek, ingliz va rus tillaridagi eng yaxshi material;
— “Oʻzbekistonda yer resurslarini muhofaza qilish” mavzusidagi o‘zbek, ingliz va rus tillaridagi eng yaxshi material;
— “Oʻzbekistonda suv va suvdan foydalanish muammolari” mavzusida o‘zbek, ingliz va rus tillaridagi eng yaxshi material;
— “Atrof-muhit muhofazasiga bag‘ishlangan eng yaxshi ijtimoiy rolik”;
— Loyiha doirasida eng faol qatnashgan nodavlat notijorat tashkiloti (NNT).

Diqqat!

Tanlovga o‘zbek, rus va ingliz tillarida yozilgan, 2023-yil 1-maydan 2024-yil 30-aprelgacha O‘zbekistonda va xorijdagi OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan ekologiya mavzusidagi maqolalar hamda videoroliklar qabul qilinadi.  

Arizalar 2024-yil 1-fevraldan 2024-yil 1-maygacha info@eco.gov.uz elektron manziliga yuborilishi lozim. Arizalarga audio va video formatdagi materiallar havolalari ilova qilinadi. Videoroliklar 1920x1080 PAL formatda, davomiyligi 5 daqiqagacha bo‘lishi kerak. 

Tanlovga taqdim etilgan barcha materiallar va tanlov natijalari www.eco.gov.uz veb-saytida eʼlon qilinadi. G‘oliblar 5-iyun – Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni arafasida pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Tanlovdan ko‘zlangan maqsad aholi, jumladan, yoshlarni Oʻzbekistonning ekologik muammolarini samarali hal etish yoʻllarini izlashda faolroq ishtirok etish, eko tushunchalarni  ingliz tilida oʻrganish va tushunishga undash, ekologik taʼlimga hissa qo‘shish va O‘zbekistondagi ekologik muammolar haqida aholining xabardorligini oshirish, Oʻzbekiston yoshlarida tizimli ekologik bilimlarni, aholining ekologik madaniyatini, ekologiyaga yoʻnaltirilgan dunyoqarashini shakllantirishga koʻmaklashish, ijtimoiy tarmoqlarda dolzarb ekologik muammolar va taklif etilayotgan yechimlarni yoritish, ommaviy axborot vositalarida va Internet axborot-telekommunikatsiya tarmogʻida Oʻzbekiston Respublikasining ekologik muammolari va ekologik siyosatiga bagʻishlangan materiallar sonini koʻpaytirish, ingliz tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilingan oʻquv materiallari sonini koʻpaytirishdir.

Useful resources