Xalqaro ekologik bilimlar kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi
15.
04. 2023
17:01
2548
Янгиликлар

Toshkentdagi Gidrometeorologiya texnikumida "Ekologik ta'lim — ekologik barqarorlik omili" mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir Tabiat resurslari vazirligi va Atrof muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan tashkil etildi.

15-aprel — Xalqaro ekologik bilimlar kuniga bag'ishlangan tadbirda tabiat resurslaridan oqilona foydalanish, ekologik muammolar va boshqa dolzarb mavzularga e'tibor qaratildi. 

Xususan, texnika fanlari doktori Furqat Erkaboyev "Suv resurslari va ulardan oqilona foydalanish" mavzusiga bag'ishlangan ma'ruzasida suvni ortiqcha isrof qilmaslik borasida alohida to'xtaldi.

Ma'lumotlarga ko'ra, dunyodagi chuchuk suvlarning 70-90 foizi rivojlanayotgan davlatlarda ekin maydonlarini sug'orish uchun sarflanadi. Har bir kishi bir kunda 50 litr atrofida suv iste'mol qiladi.

Muammolarga to'xtalsak, dunyo boʻyicha hosil boʻlayotgan oqova suvlarning 70-80 foizdan ortiq qismi qayta ishlanmaydi (tozalanmaydi).
Dunyoda 1,9 mlrd.ga yaqin aholi ifloslangan suvni isteʼmol qilishi natijasida vabo, uchburugʻ, tif va poliomielit kabi kasalliklar bilan xastalanadi. 

Butunjahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti va UNICEF maʼlumotlariga ko'ra, 2021-yilda  1 000 000 ga yaqin inson ifloslangan suv isteʼmolidan kelib chiqqan kasalliklar sababli vafot etgan.

O‘zbekistonda hududida yerosti suvlari zaxiralari, asosan, Toshkent, Samarqand, Surxondaryo, Namangan, Andijon va Fargʻona viloyatlarida bor. Buxoro va Navoiy viloyatlarida oʻrtacha suv zaxiralari boʻlsa, Qoraqalpogʻiston va Xorazmda chuchuk suvlar deyarli mavjud emas.

Yerosti chuchuk suvlari respublika boʻylab teng tarqalmagani eng katta muammolardan biridir.

Tahlillarga koʻra, 2025-yilga borib yer yuzidagi davlatlarning yarmidan koʻpida suv taqchilligi yuzaga keladi. 2050-yilga borib esa dunyo mamlakatlarining toʻrtdan uch qismida suv taqchilligi kuzatilishi taxmin qilinmoqda.

Tadbirda shu va boshqa muammolarga e'tibor qaratildi. Ayniqsa, Orol dengizi eng dolzarb masalalardan biri ekanligi qayd etildi. Shu bilan birga, muammolarning samarali yechimi insonlarda ekologik bilimlarni yanada oshirish ekanligi ta'kidlandi. 

Unutmang! Tabiat, atrof-muhit tozaligi uchun har birimiz mas'ulmiz.

Фойдали манбалар