Seminar
Tabiat resurslari vazirligi mas’ul xodimlari, hayvonot bog’i mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan seminarda mamlakatimiz hududiga sovuq havo massalarining kirib kelishi natijasida 2023-yilning 10 – 16 yanvar kunlarida anomal past darajadagi havo harorati kuzatilishi, ayni shu kunlarda mamlakatimizdagi hayvonot bog’lari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda yovvoyi hayvonlarni muhofaza qilish, sovuq kunlarda hayvonot olami uchun yetarli sharoitlar yaratish kabi masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, seminarda qishning sovuq kunlarida respublikamizdagi mavjud muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda biotexnik tadbirlarni sifatli tashkil etishga jiddiy e’tibor qaratish, tabiat sharoitida yashayotgan hayvonlar va qushlar uchun ozuqalarni o’z vaqtida yetkazib berish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
-Bugungi seminar anomal sovuq sharoitida hayvonot va qushlar olamini muhafaza qilishda bajarilishi lozim bo’lgan maqsad va vazifalar, yangi rejalarni belgilab olishda ahamiyatli bo’ldi, - deydi Tabiat resurslari vazirligi mas’ul xodimi Aleksandr Kazakov. – Albatta, seminar davomida soha mutaxassislari tomonidan berilgan foydali maslahatlar tabiat olamini muhafaza etish, bioxilmaxillikni asrash hamda uysiz hayvonlarni homoya qilishga xizmat qiladi.
Seminar davomida ishtirokchilar “Toshkent hayvonot bog’i”da parvarish qilinayotgan hayvonlar va qushlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, hayvonot bog’i mutaxassislariga sohaga oid tavsiyalarini berishdi.
Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati