Qizil kitobga kiritilgan tojik kavragi o‘simligiga moratoriy joriy qilindi
01.
05. 2023
12:28
5111
Янгиликлар

O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan tojik kavragi o‘simligiga moratoriy joriy etildi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi "Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi Farmoniga asosan amalga oshirildi.  

Ta’kidlash kerakki, hozirgi vaqtda kavrak oʼsimligidan noqonuniy foydalanish mazkur turning kamayib ketishiga sabab boʼlib, uning takror va tabiiy koʼpayishiga salbiy taʼsir oʼtkazmoqda. Moratoriydan maqsad esa o‘simlikning tabiiy populyatsiyasi, takror ko‘payishi va qayta tiklanishini taʼminlashdir. 

3 yilga mo‘ljallangan moratoriy davrida yovvoyi holda o‘suvchi tojik kavragidan foydalanganlik holatlari aniqlanganda qonuniy choralar ko‘riladi. Shuningdek, kavrak o‘simligining Oʼzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan hamda kiritilmagan barcha turlaridan tegishli ruxsatnomasiz foydalanish (tabiatdan ajratib olish, yigʼish, kesish, zarar yetkazish, nobud qilish) va sotish yuzasidan qatʼiy nazorat oʼrnatiladi.

Ma'lumot uchun, kavrak (Ferula) selderdoshlar oilasiga mansub boʻlib, koʻp yillik oʻt oʻsimlik hisoblanadi. Uning yer yuzida 160 dan ziyod, Oʻrta Osiyo respublikalarida 104 ta, Oʻzbekistonda esa 50 dan ziyod turlari uchraydi. 

Kavrakning yelim-smolasi xalq tabobatida tomir tortishi, oʻpka sili, oʻlat, zaxm, koʻk yoʻtal, tish ogʻrigʻi, asab va boshqa kasalliklarga qarshi dori hamda quvvat beruvchi vosita sifatida qoʻllaniladi.

Фойдали манбалар