Xalqaro biologik xilma-xillik kuni munosabati bilan Toshkent shahar Olmazor tumanida joylashgan alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 100-sonli maktab-internatida “Ona tabiatni asraylik!” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Tabiat resurslari vazirligi, Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, Tabiat resurslari vazirligi Toshkent shahar boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda nutq so‘zlagan Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti direktori Baxtiyor Po‘latov biologik xilma-xillikni asrash, umuman, atrof-muhitni muhofaza qilishda yoshlarning o‘rni muhim ekanligini alohida qayd etdi.
Shuningdek, Tabiat resurslari vazirligi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Farhod Dehqonov biologik xilma-xillik haqida so‘z yuritib, tadbirning ahamiyati haqida o‘quvchilarga tushuncha berdi.
Tadbir davomida o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan sher va qo‘shiqlar taqdim qilindi, biologik xilma-xillikka asoslangan mozaika yig‘ish va rasm chizish, interfaol o‘yinlar tashkil etildi.
Tadbir so‘ngida faol o‘quvchi-yoshlar faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.