Toshkentda landshaftlar holatiga oid dolzarb muammolar va hududlarda ularni hal etish yo‘llari muhokama qilindi
16.
06. 2023
17:39
2499
Янгиликлар

15–16-iyun kunlari Toshkentda “Markaziy Osiyo landshaftlari barqarorligini taʼminlash uchun tabiatga asoslangan yechimlar amaliyotini kengaytirish” mavzusida mintaqaviy muloqot boʻlib oʻtdi. 

Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli hamda xalqaro va mintaqaviy ma‘ruzachilar, Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari vakillari hamda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasi ekspertlari ishtirok etdi.

Mintaqaviy muloqot Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) bilan hamkorlikda Jahon bankining Markaziy Osiyoda landshaftlar barqarorligini ta’minlash dasturi (RESILAND CA+) doirasida Buyuk Britaniya hukumati homiyligida tashkil etildi.

“Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi oqibatlari kuchayib bormoqda, — dedi tadbirda nutq so‘zlagan Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov. — Shu bois barqaror landshaftlar yaratish, ekologik muhit sofligini ta’minlashga ko‘maklashuvchi yechimlar topish va amaliyotga keng joriy etish, bu orqali esa avlodlar uchun barqaror kelajakni ta’minlash muhim sanaladi”.  

Vazir, shuningdek, bu borada hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash lozimligini ta‘kidladi.

Tadbirda, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari duch keladigan ekologik yechimlarni huquqiy tartibga solish, moliyalashtirish va amalga oshirish bilan bog‘liq muammolar muhokama qilindi.

“Iqlim o‘zgarishi barqarorligini ta’minlash va qishloq joylarida yashil iqtisodiy rivojlanish modelini joriy etishni taqozo etadi. Jahon banki O‘zbekiston hukumatiga ushbu muhim maqsadlarni amalga oshirishda yordam bermoqda, — dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli. — Shuningdek, Jahon banki 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorligimiz davomida landshaftlarni saqlash, cho‘llanish va yerlar degradatsiyasining oldini olish, respublikaning turli hududlarida o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishga yordam ko‘rsatadi. Biz O‘zbekiston bilan Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari o‘rtasida transchegaraviy tabiiy zonalarni tiklash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishiga hissa qo‘shamiz. Ushbu mintaqaviy muloqot ham ana shunday hamkorlikka misol bo‘la oladi”.

Qayd etish joizki, Jahon bankining RESILAND CA+ dasturi Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistonning ayrim hududlarida landshaftlarni tiklash, turli tabiiy va iqlimiy tahdidlarga qarshi samarali kurashda yaqindan yordam beradi. 

“Mintaqaviy muloqot butun Markaziy Osiyoda tabiatga yoʻnaltirilgan faoliyatdan foydalanish boʻyicha transchegaraviy hamkorlikka yordam beradi. Bu mintaqaning turli mamlakatlarida keng ko‘lamli tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni, shuningdek, ushbu konsepsiyani tabiiy ofatlar xavfini boshqarish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha asosiy davlat dasturlariga integratsiyalashuvini rag‘batlantiradi. Muloqot tabiat va odamlar uyg‘un holda yashaydigan mintaqada sog‘lom, samarali va barqaror ekotizimlarni yaratish yo‘lidagi sezilarli yutuqlardan dalolat beradi”, — deb ta’kidladi IUCN Yevropa direktori va IUCNning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy byurosi direktori vazifasini bajaruvchi Boris Erg.

Tadbir yakunida landshaftni tiklash va iqlimga chidamli infratuzilmani rivojlantirish orqali iqlim o'zgarishi natijasida yuzaga kelgan tabiiy ofatlarni bartaraf etish choralari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Ma’lumot uchun, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) tarkibiga dunyoning bir qator mamlakatlaridagi hukumatlar va nodavlat tashkilotlar kiradi. IUCN 1400 dan ortiq aʼzo tashkilotlarning tajribasi va resurslariga hamda uning 15 000 ekspertlari bilimiga tayanadi. IUCN atrof-muhitni baholash va muhofaza qilish bo'yicha tan olingan organdir.

Фойдали манбалар