O‘zbekistonning Rotterdam konvensiyasiga qoʻshilishi qo‘llab-quvvatlanmoqda
14.
07. 2023
14:19
1717
Янгиликлар

4–7-iyul kunlari Ozarbayjonning Baku shahrida Rotterdam konvensiyasini ratifikatsiya qilish boʻyicha mintaqaviy yigʻilish o‘tkazildi. 

Tadbir xalqaro savdoda alohida xavfli kimyoviy moddalar va pestitsidlarga nisbatan dastlabki asoslangan rozilik protsedurasi toʻgʻrisidagi Rotterdam konvensiyasi Kotibiyati tomonidan Konvensiyaga qoʻshilmagan Ozarbayjon, Belarus, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston Respublikalari uchun tashkil etildi.

Mintaqaviy yigʻilishning maqsadi Ozarbayjon, Belarus, Tojikiston va Oʻzbekistonning Rotterdam konvensiyasiga qoʻshilish jarayonlarini qoʻllab-quvvatlash va bu borada mamlakatlarga amaliy yordam koʻrsatishdan iborat.



Mintaqaviy yigʻilishda Rotterdam konvensiyaning mazmun-mohiyati va unga qoʻshilishning afzalliklari hamda natijalari, Bazel, Rotterdam va Stokgolm konvensiyalariga muvofiq xavfli kimyoviy moddalar va chiqindilarning xalqaro savdosi ustidan nazorat qilishga oid masalalar hamda FAOning (FAO – BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti) mintaqada pestitsidlardan foydalanishni kamaytirishga qaratilgan faoliyati koʻrib chiqildi.

Yigʻilishda mamlakat vakillari, shu jumladan, Oʻzbekiston vakilining ham kimyoviy moddalarni tartibga solishning milliy tizimiga bagʻishlangan taqdimoti namoyish qilindi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari kimyoviy xavfsizlik sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, pestitsidlar va ulardan boʻshagan idishlar muomalasini nazorat qilish, eskirgan pestitsidlarni xavfsiz tarzda yoʻq qilish, xavfsizroq turlarini tatbiq etish masalalarga e’tibor qaratishdi.

Ta’kidlash lozimki, Turkiya Respublikasida oʻsimliklarni himoya qilish vositalar zaxiralarining ishlab chiqaruvchilardan boshlab iste’molchiga qadar boʻlgan aylanmasini nazorat qilish uchun “Oʻsimliklarni himoya qilish vositalari zaxiralarini nazorat qilish dasturi” (“Plant Protection Products Stock Tracking Program”) yaratildi. Bunda kimyoviy moddalarni import qiluvchi, ishlab chiqaruvchi, sotuvchi (ulgurji va chakana savdo) va yakuniy iste’molchidagi pestitsidlarning sifat va miqdoriy koʻrsatkichlari, shuningdek, ulardan boʻshagan idishlar toʻgʻrisida ma’lumot tizimda koʻrinadi.

Bundan tashqari, ishlab chiqaruchi va import qiluvchilar yaroqlilik muddati tugatilayotgan pestitsidlarni yigʻib olishga va utilizatsiya qilishga mas’uldir.

Ma’lumot uchun, Ozarbayjon Respublikasida eskirgan pestitsidlar muammosi hal etilishi uchun yaroqlilik muddati 6 oy qolgan preparatlarni import qilishga ruxsat etilmaydi.

Фойдали манбалар