I Xalqaro media va turizm forumida Markaziy Osiyoda ekoturizmni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi
26.
07. 2023
20:07
2555
Янгиликлар

Qozog‘istonning Olmaota viloyati Konayev shahrida 21–23-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan I Xalqaro media va turizm forumida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi vakillari ishtirok etdi.



Forumni Olmaota viloyati hokimi Marat Sultongaziyev, Qozog‘iston Respublikasi axborot va ijtimoiy rivojlanish vaziri Darxon Kidirali va Turkiy tilli jurnalistlar jamg‘armasi prezidenti Naziya Joyamergen ochib berdi.

Bugungi kunda turizmni rivojlantirishda axborot bilan ta’minlash va ommalashtirish muhim ahamiyatga ega. Shu bois, media sohasi va turizmni bir yo‘nalishda birlashtirgan bugungi forum ushbu tarixiy makon imkoniyatlarini yanada ko‘proq ko‘rsatib, butun dunyoga namoyish etishda muhim ahamiyat kasb etadi, deb o‘ylaymiz”, — dedi Darxon Kidirali.

“Turkiyzabon jurnalistlar jamg‘armasi” jamoat fondi tomonidan Olmaota viloyati hokimligi, Qozog‘iston Respublikasi Axborot va ijtimoiy rivojlanish vazirligi, Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Qozog‘iston, Buyuk Britaniya, Shveytsariya, Avstriya, Belgiya, Germaniya, Fransiya, Niderlandiya, Moldova, Turkiya, Shimoliy Kipr, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston kabi xorijiy davlatlardan 200 ga yaqin ommaviy axborot vositalari va turizm vakillari ishtirok etdi. 

“Bunday tadbirlar Qozog‘istonni sayyohlik maskani sifatida tanitish va uning boy madaniy merosiga e’tibor qaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Olmaota viloyati qadimiy qozoq anʼanalari, urf-odatlari va tarixi rivojlangan yetakchi viloyatdir. Shuning uchun bu yilgi forumni shu yerda tashkil qildik. Qozog‘istonda sayohat qilish uchun yetarli joylar mavjud. Ijtimoiy tarmoqlarni mamlakat tabiatini keng targ‘ib qilishga va yoritishga chaqiraman”,dedi Naziya Joyamergen.



Tadbir davomida O'zbekiston Ekologiya vazirligi tomonidan vazirning axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi Lola Rahmonboyeva “Markaziy Osiyoda ekoturizmni rivojlantirish istiqbollari” mavzusida taqdimot qildi. Unda hududda ekoturizmni rivojlantirishning afzalliklari, kamchiliklari ko‘rsatib o‘tildi va tavsiyalar berildi.

"O‘zbekistonda davlatimiz rahbari tomonidan nafaqat ekoturizm, balki, turizmning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish yo‘lida qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Buning samarasi o'laroq yurtimizga kelayotgan xorijlik turistlar soni yildan-yilga oshib boryapti, — dedi Ekologiya vaziri matbuot kotibi Lola Rahmonboyeva. — Aslida, nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo o‘zining noyob tabiiy go‘zalligi, boy madaniy merosi va xilma-xil ekologik resurslari tufayli ekoturizmni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlarga ega. Ko'plab milliy bog'lar, qo'riqxonalar va tabiiy diqqatga sazovor joylar ekoturizmga qiziquvchi sayyohlarni jalb qiladi. Qolaversa, Markaziy Osiyo bir qancha madaniy-geografik mintaqalar tutashgan joyda joylashgani madaniy va ekologik turizmni rivojlantirish uchun noyob imkoniyatlar yaratadi. Sayyohlar milliy bog‘lar va qo‘riqxonalarga sayohat qilish chog‘ida mahalliy madaniyat, an’ana va urf-odatlar bilan tanishishlari, mahalliy tabiatning go‘zalligidan bahramand bo‘lishlari mumkin".

Shuningdek, forum doirasida tadbir ishtirokchilari Qozog‘istonning Charin kanyoni va Ko‘lsay ko‘li kabi diqqatga sazovor joylari va tabiiy maskanlarida bo‘lishdi.

Charin kanyoni yoki "Qal'alar vodiysi" — erigan suvlar bilan yuvilgan quruq dara. Kanyonning o'ziga xosligi turli xil flora va faunaning ko'pligidadir. Masalan, bu yerda 1,5 mingga yaqin o'simlik turlarini ko'rishingiz mumkin (bundan tashqari, 17 tur juda kam uchraydi, milliy Qizil kitobga kiritilgan va davlat muhofazasida).

Koʻlsay koʻllari — shimoliy Tyan-Shandagi, Koʻlsay darasida, Kungey-Olatau va Zayliy Olatau tizmalarini bogʻlovchi uchta koʻl tizimi. Koʻllar Qozogʻistonning Olmaota viloyati Rayimbek tumani hududida dengiz sathidan taxminan 1000 m, 2500 m, 2700 m balandlikda joylashgan.


Ma’lumot uchun, forumni o‘tkazishdan maqsad – media va turizm sohasidagi yangi jarayonlarni hisobga olgan holda tajriba almashish, axborot makonini kengaytirish, o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, Qozog‘istonning tarixiy-madaniy maskanlarini xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida targ‘ib qilish, OAV vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat.

Фойдали манбалар