O'zbekistonda "Toza havo" oyligining ikkinchi bosqichi boshlandi
10.
08. 2023
10:04
2263
Янгиликлар

Bugun, 10-avgust kuni mamlakatimizda “Toza havo” oyligining ikkinchi bosqichi boshlandi. Ekologiya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirliklari bilan birgalikda oʻtkaziladigan tadbirdan maqsad mamlakatimizda avtotransportlar tashlamalarini kamaytirishdir. 

Tadbir davomida respublikaning barcha hududlaridagi yoʻl-patrul maskanlarida, viloyat, tuman (shahar)larning markaziy koʻchalarida benzin, dizel, tabiiy siqilgan va suyultirilgan gazda harakatlanadigan avtotransport vositalarining atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli gazlar miqdori maxsus asbob-uskunalar orqali koʻrikdan oʻtkaziladi.

Ta'kidlash kerakki, soʻnggi yillarda ishlab chiqarish korxonalari, avtomobillar sonining koʻpayishi atmosferaga chiqarilayotgan tashlamalar miqdorining sezilarli ortishiga sabab boʻlmoqda. Bu esa o‘z navbatida respublikamizda havoning ifloslanish darajasi oshishiga olib kelmoqda.

Maʼlumot uchun, bugungi kunda yurtimizda 4 millionga yaqin avtotransport vositalari mavjud boʻlib, shundan 100 mingtasi nosoz hisoblanadi. Ulardan atmosferaga bir yilda oʻrtacha 1,27 mln tonna zararli tashlamalar tashlanadi, bu umumiy tashlamalarning 60,0 foizini tashkil etadi (ushbu koʻrsatkich Toshkent shahrida 88 foizga teng). 

Transport vositalari sonining kundan-kunga ortishi natijasida tashlamalar miqdori oldingi yilga nisbatan 2022-yilda 26 ming tonnaga ko'paygan. Bunga foydalaniladigan yoqilgʻi turining sifati, aholining jamoat transportlaridan yetarli darajada foydalanmasdan, oʻz avtotransport vositalarida yurishlari, avtoulov egalarining oʻz avtotransportlarining texnik sozligiga yetarli darajada eʼtibor qaratmasliklarini asosiy sabablar sifatida keltirish mumkin.

Tadbir 10-sentyabrgacha davom etadi.

Ma'lumot o'rnida, “Toza havo” oyligining 1-bosqichi joriy yilning 10-aprelidan 10-mayiga qadar o‘tkazilgan. 

Фойдали манбалар