Wiki Loves Earth: Xalqaro fotosuratlar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
17.
08. 2023
12:57
2219
Янгиликлар

 Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida Wiki Loves Earth xalqaro fototanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov kirish so‘zi bilan ochib, mazkur tanlovning madaniy-ma’rifiy ahamiyati yuqori ekanligini ta’kidladi.

Wiki Loves Earth xalqaro fotosuratlar tanlovi har yili dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Wikimedia fondi va uning mahalliy filiallari ko‘magida o‘tkaziladi.

Tanlovning maqsadi O'zbekiston tabiiy merosi obʼyektlarining (qoʻriqlanadigan tabiiy hududlar, qoʻriqxonalar, buyurtma qoʻriqxonalar, milliy bogʻlar va boshqalar) noyob tasvirlarini yaratishdan iborat. Ushbu tanlov tufayli jahonning millionlab kishilari sayyoramizning o'simlik va hayvonot dunyosi, tabiiy landshaftlarning go'zalligi va xilma-xilligi, tabiatni muhofaza qilish sohasidagi muammolar va yutuqlar haqida yangi bilimlarga ega bo'lishadi.

Bu yil O'zbekiston ushbu tanlovda ilk bor ishtirok etdi . 15-maydan 15-iyungacha 69 nafar ishtirokchi 3282 ta fotosurat taqdim etdi. Ulardan 6 nafar muallifning 12 ta fotosurati tanlovning xalqaro bosqichiga taqdim etish uchun munosib deb topildi.

Ta’kidlash joizki, ushbu xalqaro tanlovda barcha ishtirokchi davlatlar orasida taqdim etilgan fotosuratlar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallaganligi uchun O‘zbekiston alohida e'tirof etildi.

Tadbir davomida tanlov g‘oliblarining asarlari taqdimoti bo'lib o'tdi. G'olib va sovrindorlarga diplomlar, internet-do‘kondan esdalik sovg‘alari xarid qilish uchun sertifikatlar   topshirildi.

Tadbirda Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov kelgusida har yili “Wiki Loves Uzbekistan” respublika tanlovini tashkil etish, tanlov yakunida fotosuratlar koʻrgazmasi o'tkazilishini yo'lga qo'yish va Oʻzbekiston tabiiy merosining fotoalbomi yaratishni taklif qildi.

 

Tanlov g'oliblari:

1) Marat Najiboev
2) Arina Pan
3) Ivan Kondyukov
4) Marat Mustafin
5) Yaroslav Galiyev
6) Humoyun Mehridinov

Tanlovning O‘zbekistonda olingan fotosuratlari bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin
https://commons.m.wikimedia.org/wiki/Commons:Wiki_Loves_Earth_2023_in_Uzbekistan/Results

Фойдали манбалар