"Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universitetining xorijiy OTM bilan hamkorligi kengaymoqda
06.
09. 2023
10:25
3169
Янгиликлар

Samarqanddagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Xitoy – O‘zbekiston arxeologiya va madaniy merosni muhofaza qilish ilmiy-texnologik qo‘shma xalqaro laboratoriyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori Aziz  Abduhakimov, Xitoy kommunistik partiyasining Shensi provinsiyasi kotibi Chjao Yide, Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, Shimoli-G‘arbiy universitet vitse-prezidenti Chang Jiang va boshqalar ishtirok etdi. 

Ma’lumot uchun, laboratoriya Xitoy Xalq Respublikasining Shimoli-g‘arbiy universiteti tashabbusi bilan  Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) shafeligida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi binosida tashkil etilmoqda. Laboratoriya biokimyoviy tadqiqotlar va hayvon suyaklarini o‘rganishga ixtisoslashgan 2 ta qismdan iborat bo‘lib, unda O‘zbekiston hududida topilgan har qanday arxeologik qazishma materiallarini tadqiq qilish imkoniyati mavjud.

Tashrif davomida Xitoyning Shimoliy-G‘arbiy universiteti hamda Samarqanddagi "Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universiteti o‘rtasidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi.

“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetini ishonch bilan bugungi kunda yurtimizda turizm sohasidagi birinchi Flagman universitetiga aylandi, deb ayta olamiz, — dedi universitet rektori Aziz Abduhakimov. — Universitetning Xitoy bilan ta’lim sohasidagi hamkorligi yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda. Shimoli-g'arbiy universitet bilan hamkorlik ham biz uchun juda muhim sanaladi".

Shimoli-g'arbiy universitet vitse-prezidenti Chang Szyan esa hamkorlik istiqbollari haqida gapirdi.

"Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universiteti bilan hamkorlikdan juda mamnunmiz, — dedi u. — Hozirgacha universitetimizda 51 nafar o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda. "Ipak yo‘li" universitetida qo‘shma laboratoriyamiz qurilishi yakunlanmoqda. Mutaxassislar va tajriba almashinuvi ham davom etmoqda. Umid qilamanki, universitetlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik uzoq davom etadi".

Tashrif davomida janob Chang Szyan Shimoli-g‘arbiy universitet “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti bilan yaqin aloqalar va keng hamkorlik yoʻnalishlariga ega ekanligini ta'kidladi. 

“O‘zaro hamkorlikni yuqori baholaymiz. Maqsadimiz “Bir kamar, bir yoʻl” mamlakatlari ta'lim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikning mezonini belgilash va shu orqali Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasida madaniy almashinuv va oʻzaro taʼlimni rivojlantirishdir", dedi Chang Szyan.

Ta'kidlash joizki, "Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universiteti faoliyatining dastlabki yillaridayoq xorijiy oliy o'quv yurtlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Xususan, Xitoy Xalq Respublikasining ham bir qancha oliy o‘quv yurtlari — Pekin xalqaro fanlar universiteti, "Sibei" universiteti, Hong Kong politexnika universiteti, Shanxay turizm universiteti, "Jejiang" xalqaro fanlar universiteti, "Sanya" universiteti, "Guilin" turizm universiteti bilan doimiy hamkorlik qilib kelmoqda.

Qayd etish kerakki, mazkur hamkorliklarning samarasi o‘laroq "Ipak yo‘li" universitetining 3 nafar talabasi Xitoyning "Jejiang" xalqaro fanlar universitetida grant asosida Xalqaro almashinuv dasturlari bo‘yicha tahsil olmoqda. 

Shuningdek, 2023-yilning birinchi yarmida 12 nafar talaba xitoy tilidan HSK 3 darajali sertifikatga ega bo‘ldi. Natijada ushbu talabalardan 3 nafari "Guilin" turizm universiteti, 5 nafari "Nanjing" turizm universiteti va 4 nafari "Sibei" universiteti grantini qo‘lga kiritib, Xitoyda o‘qishni davom ettirish imkoniyatini qo‘lga kiritishdi. 

Ma'lumot uchun, "Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universiteti AQSH, Xitoy, Italiya, Singapur, Hindiston, Indoneziya, Turkiya, Rossiya, Fransiya, Kanada va boshqa mamlakatlarning turizm sohasidagi eng taniqli oliygohlari bilan ham hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Xitoyning Shimoli-g‘arbiy universitet 1902-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Ipak yo‘lining boshlang‘ich nuqtasi bo‘lgan Shensi provinsiyasining Sian shahrida joylashgan. Universitet Xitoydagi eng uzoq tarixga ega zamonaviy oliy o'quv yurti hisoblanadi.

Фойдали манбалар