20-sentabr kuni Toshkentda "X-factor" loyihasining eksklyuziv taqdimoti bo'lib o'tdi.
Ta'kidlash joizki, loyiha O'zbekistonda ilk bor "Uzreport" axborot agentligi tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, vazirlik qoshidagi Turizm qo‘mitasi, PayMe to‘lov tizimi va "Procter & Gamble" transmilliy kompaniyasi ko‘magida tashkil qilindi.
"Har bir davlatning o‘ziga xos turistik brendi bor. Qaysi bir davlat sporti, boshqasi esa ixtirolari bilan sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi. Yurtimiz tarixiy obidalari, o'ziga xos tabiati va boshqa ko'plab jihatlari bilan xorijliklarning diqqatini tortmoqda, — dedi Ekologiya vazirligi matbuot kotibi Lola Rahmonboyeva. — Umid qilamizki, "X-factor" loyihasi ko‘plab iqtidorli yoshlarni kashf qilib, bu orqali san'at sohasining ham O‘zbekistonning xalqaro brendiga aylanishiga va tashqi turizmning rivojlanishiga hissa qo‘shadi".
Ma'lumot uchun, "X-factor" — dunyoning 60 ga yaqin davlatida bo‘lib o‘tadigan mashhur vokal iste’dodlari shousi bo'lib, jahon sahnasida mustahkam o'rin egallagan va muntazam ravishda yangi iste'dodlarni kashf qilib kelmoqda.
Shou uchun kastinglar O‘zbekistonning beshta yirik shahri – Samarqand, Namangan, Buxoro, Xorazm va Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Ularda 6 mingga yaqin kishi qatnashdi. Tanlovning bir necha bosqichlaridan so'ng 12 nafar vokalchi jonli efirda mamlakatning eng yaxshi ijrochisi bo‘lish uchun sahnaga chiqadi.
“X-factor” o‘zbek shousi g‘olibi mamlakatning eng yaxshi ijrochisi unvoni, 100 million so‘m pul mukofoti, shuningdek, FTV telekanalidan axborot ko‘magi va efirda qo‘shiqlarini aylantirish huquqiga ega bo‘ladi.
Shouning birinchi qismi 24-sentabr kuni soat 20:00 da FTV telekanalida namoyish etiladi.