Samarqandda ekologik ta’lim sohasida xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilinadi
28.
09. 2023
18:15
2149
Янгиликлар

2023-yil 1-oktabrdan 5-oktabrgacha Samarqand shahrida Markaziy Osiyo yoshlar ekologik lageri va “Markaziy Osiyo yoshlarining ekologik taʼlim strategiyasi” xalqaro muloqoti tashkil etiladi.

Tadbir Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi, Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi hamda Yoshlar siyosati va sport vazirliklari, “Zamin” xalqaro jamoat fondi, xalqaro tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari ko‘magida tashkil etildi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad – iqlim bo‘yicha sifatli ta’limni muvofiqlashtirilgan va samarali shaklda ta’minlash, hududdagi ekologik vaziyatni yaxshilash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida o‘zaro aloqa va amaliy hamkorlikni rivojlantirish, ekologik ta’limni tizimli tashkil etishdan iborat.

Ekologik ta’lim tizimini takomillashtirish va iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari muhokamasiga Markaziy Osiyo davlatlaridan “Yoshlar ekologik lageri” ishtirokchilari jalb etiladi.

Shuningdek, tadbir doirasida xalqaro muloqot va UNESCOning Yashil ta’lim bo‘yicha hamkorlik (GEP) tashabbusi asosida ishlab chiqilgan ekologik ta’lim bo‘yicha mintaqaviy strategiya taqdimoti o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, Yashil ta’lim bo‘yicha hamkorlik (GEP) – YUNESKO tashabbusi bo‘lib, Sharm-al-Sheyxda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 27-asosiy konvensiyasidan (COP27) so‘ng boshlangan bo‘lib, muvofiqlashtirilgan va samarali tarzda sifatli ekologik ta’limni ta’minlashga qaratilgan. Ushbu tashabbusga allaqachon 800 dan ortiq tashkilot qo'shilgan. Hozirda ishtirokchi davlatlar soni 70 dan ortiq.

GEP quyidagi to'rtta asosiy yo'nalishga e'tibor qaratadi:

- Yashil maktablar. Yashil maktab konsepsiyasini yoki ta’lim muassasalari uchun yashil akkreditatsiyani joriy etish o‘qituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlashni o‘z ichiga oladi.

- Ta'limda yashil dasturlar. Bu ekologik ta'lim dasturlarini amalga oshiruvchi ta'lim muassasalarining hozirgi 45% darajasidan kamida ikki baravar ko'payishini nazarda tutadi.

– O‘qituvchilar malakasini oshirish va umuman ta’lim tizimining imkoniyatlarini yaxshilash. Maktab rahbarlari va ta'lim sohasidagi asosiy ishtirokchilarning malakasini oshirish.

- Jamiyatni yashillashtirish. Ekologik ta'limni umrbod ta'limga integratsiyalash orqali jamiyatning barcha sohalarini iqlim kun tartibiga jalb qilish.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning GEPdagi ishtiroki ekomaktablar, ta’lim dasturlari va o‘qituvchilar malakasini oshirish, barqaror rivojlanish uchun ta’limni takomillashtirish va o‘quvchilarni iqlim muammolarini hal qilishga tayyorlashga hissa qo‘shadi.

Фойдали манбалар