O‘zbekistonda elektron chiqindilarni samarali boshqarishga doir forum o‘tkazilmoqda
29.
11. 2023
12:39
2455
Янгиликлар

Toshkentda “O‘zbekistonda elektron chiqindilarni boshqarish: hozirgi holat va keyingi qadamlar” Milliy forumi bo‘lib o‘tmoqda. Forum “Elektron chiqindilarning milliy monitoringi: Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston” loyihasi doirasida o‘tkazilmoqda. 

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan ma’qullangan va qo‘llab-quvvatlangan mazkur loyiha  BMTning Ta’lim va tadqiqot instituti (UNITAR) tomonidan Germaniyaning Atrof-muhit, tabiatni muhofaza qilish, yadroviy xavfsizlik va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federal vazirligi hamda Germaniya atrof-muhit agentligi ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Barqaror rivojlanishga koʻmaklashish markazi tomonidan “EKOMAKTAB” Ekologik resurs markazi koʻmagida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya vazirligi, Germaniya atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi, BMTning Ta’lim va tadqiqot instituti (UNITAR) va Markaziy Osiyo uchun Atrof-muhit dasturi (UNEP), Risklarni boshqarish tizimlari markazi (RTS), Oʻzbekiston Statistika agentligi, bojxona nazorati, shahar va viloyatlar hokimliklari, chiqindilarni boshqarish boʻyicha xalqaro ekspertlar, elektron va elektr jihozlarini ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar, chiqindilarni yigʻish va qayta ishlash tashkilotlari vakillari, tarmoq birlashmalari va nodavlat notijorat tashkilotlari, oliy o‘quv yurtlari vakillari ishtirok etmoqda. 

Ma’lumot uchun, O’zikkilamchiranglimetall AJ tomonidan 2019-yilda 91,7 ming tonna, 2020-yilda 183 ming tonna, 2021-yilda 216 ming tonna, 2022-yilda esa 33,8 ming tonna elektron chiqindi qayta ishlashga qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi 171-sonli qaroriga muvofiq, elektr energiyasi manbalari – akkumulyator, batareyka va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilarning mas’uliyatini oshirish maqsadida amaliy nazorat tizimi joriy etildi.

UNITAR ma'lumotlariga ko'ra, O‘zbekistonda ekologik toza usulda yig‘ilmagan va qayta ishlanmagan chiqindilar hajmi 2030-yilga kelib 1,2 million tonnaga, 2050-yilga kelib esa 5,6 million tonnaga yetishi mumkin. Shu bilan birga, 2050-yilga kelib boshqarilmaydigan chiqindilar tarkibidagi qo‘rg‘oshin va simob miqdori deyarli 1,4 ming tonnaga yetadi.

Ta'kidlash joizki, elektron chiqindilarni yig'ish va qayta ishlash faol rivojlantirilsa, ularning salbiy ta'siri sezilarli darajada kamayadi va bu chiqindilarni qayta ishlashning iqtisodiy samarasi yaxshilanadi. Masalan, 2050-yilda hosil bo‘ladigan chiqindilarning umumiy hajmidan 1,1 million tonnadan ortiq temir, 195 ming tonna alyuminiy, 392 ming tonna plastmassa qayta ishlanishi mumkin.

Forum doirasida “Elektron chiqindilar: muammolar va imkoniyatlar”, “Elektron chiqindilarni boshqarish bo‘yicha xalqaro tajriba”, “O‘zbekistonda elektron chiqindilar: statistika, boshqarish usullari va dolzarb muammolari”, “Elektron chiqindilarni qayta ishlash prognozlari – bu nima uchun muhim”, “O‘zbekistonda elektron chiqindilarni boshqarish tizimini yanada rivojlantirish”, “Elektron chiqindilar uchun ishlab chiqaruvchilarning kengaytirilgan mas’uliyatini (EPR) amalga oshirish” kabi mavzularda bir qator sessiyalar tashkil etiladi. 

Forum davomida Markaziy Osiyoda elektron chiqindilarni boshqarish siyosatini rivojlantirishga hissa qo‘shish uchun platforma yaratish, manfaatdor tomonlarning elektron chiqindilarni boshqarish sohasida tajriba almashishi uchun sharoitlar yaratish va O‘zbekistonda ushbu tizimni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, elektron chiqindilarni boshqarish bo‘yicha strategik rejalarni birgalikda amalga oshirish uchun davlat organlari, tadbirkorlik sohasi va jamoat tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va boshda muhim masalalar muhokama qilinmoqda.

Forum 29-noyabrgacha davom etadi.

Фойдали манбалар