“Dubai Expo”dagi “Oʻzbekiston paviloni”da Orol dengizi trast fondi tomonidan BMTning Doimiy muvofiqlashtiruvchi idorasi va Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan hamkorlikda Orol dengizi hududini iqlimga chidamli hududga aylantirish masalasiga bagʻishlangan taqdimot oʻtkazildi.
Tadbirda BMT Bosh kotibi yordamchisi, tashkilotning oʻrmonlar va koʻkalamzorlashtirish boʻyicha Forumi Kotibiyati (UNFF) direktori doktor Juliyette Biao Kudenukpo, BMTning Oʻzbekistondagi Hamkorlik va moliyaviy taraqqiyot boʻyicha rivojlanish boʻyicha vakili xodimi Rusyan Jill Mamiit, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirining birinchi oʻrinbosari Obidjon Qudratov, vazirlik huzuridagi “Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi” direktori Baxitjon Habibullayev, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakili Jahongir Nizomitdinov va boshqalar ishtirok etdi.
COP28 iqlim forumi doirasida tashkil qilingan tadbirda Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning iqlimi va iqtisodiyoti uchun taraqqiyotga yordam beruvchi amaliy, ijobiy yechimlar, ayni paytda zaif qatlamlarga ustuvor ahamiyat qaratildi.
Maqsad global iqlim sohasi yetakchilari eʼtiborini Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlariga qaratish, iqlim himoyachilarining Orol dengizi trast fondi va uning hamkorlari tomonidan amalga oshirilayotgan asosiy tadbirlar haqida xabardorligini oshirishdir. Shu bilan birga, Oʻzbekistonda Orolboʻyi mintaqasini barqaror rivojlantirish faoliyatiga iqlim boʻyicha manfaatdor tomonlarni jalb qilish muhim ekanligi taʼkidlandi.
Taqdimotda Orol fojiasining chuqur oqibatlari oʻrganilgani aks etgan foto va videokoʻrgazma namoyish qilindi. Koʻrgazmada Orol dengizi trast fondi va Oʻzbekiston hukumati tomonidan erishilgan natijalar koʻrsatildi. Shuningdek, ekologik ofatning ayanchli oqibatlarini yumshatishning yagona platformasi sifatida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar va istiqbollar koʻrib chiqildi.
Taqdimot davomida iqlim yetakchilari va manfaatdor tomonlarga Orol dengizi halokati hamda Oʻzbekiston hukumati va hamkorlar tomonidan Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Yakunda Oʻzbekistonda Orol mintaqasini iqlimga chidamli hududga aylantirish boʻyicha xalqaro hamkorlik mustahkamlandi.