Ekologiya va turizmni rivojlantirishda yoshlarning o‘rni e’tirof etildi
22.
12. 2023
15:31
2423
Янгиликлар

21-dekabr kuni Toshkentdagi “Yoshlar ijod saroyi”da Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va yosh eko-faollar oʻrtasida uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda yurtimizning oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan 500 dan ortiq talabalar, volontyorlar ishtirok etdi. Shuningdek, 500 ga yaqin yoshlar onlayn kuzatib bordi.

Uchrashuv davomida vazir sohada yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar va ular tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbuslarga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. Aziz Abduhakimov  ekologiya va turizm sohasida yoshlarning faolligini yanada oshirish lozimligini, dolzarb muammolarga yechim topishda ularning oʻrni yuqori, har bir fikri, tashabbusi muhim ekanligini taʼkidladi. 

“Bugun barcha sohalarda hukumatimiz tomonidan yoshlarga oʻz imkoniyatlarini toʻliq namoyon eta olishlari uchun imkoniyatlar yaratib berilmoqda, iqtidorli yoshlarimiz esa bunga javoban oʻziga xos  shijoat  koʻrsatishmoqda. Shunday ekan, bugun siz yoshlarning ekologiya va turizm sohalari rivojiga qoʻshayotgan hissangiz beqiyos ekanligini taʼkidlashni istardim”, — dedi vazir.

Maʼlumot uchun, 2023-yil davomida ekologiya va turizm sohalarida koʻplab tadbirlar oʻtkazildi. Bu tadbirlarda yoshlar alohida faollik koʻrsatib, ekologik muammolarga befarq emasliklarini namoyon qilishdi. Joriy yil yakuniga qadar respublikamiz boʻyicha yosh eko-faollar ishtirokidagi tadbirlarda jami 2 million 445 ming 300 nafar yoshlar ishtirok etdi. 

Uchrashuv davomida A.Abduhakimov bugungi kunda atrof-muhitning ifloslanishi, iqlim oʻzgarishi va tabiiy resurslardan samarasiz foydalanish bilan bogʻliq global muammolar barqaror rivojlanishni taʼminlash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida yangi formatdagi mutaxassislar va ekspertlarni tayyorlash, muammolarni hal qilishda innovatsion yondashuvlarni joriy etishni taqozo etayotganini qayd etdi. Prezidentimizning “Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tashkil etilgan “Central Asian Green University” esa mintaqadagi ekologik muammolarni hal qilishda muhim ahamiyat kasb etishini aytib oʻtdi.

“Green University" faoliyati Ekologiya vazirligi taʼsisichiligi ostida “Hub and Spoke” tamoyili asosida tashkil etilmoqda, yaʼni “Green University” xorijiy, davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalari, shuningdek, Oʻzbekiston, mintaqa va jahon ilmiy markazlarini birlashtiruvchi samarali platforma yaratdi. Yangi universitetda jahonning yetakchi “yashil” universitetlari tomonidan qoʻllanuvchi ilgʻor taʼlim dasturlari joriy etilgan”, — dedi vazir.

Uchrashuv davomida yoshlar tomonidan soʻnggi yillarda ekologiya va turizm sohasida yoshlarga eʼtibor kuchaygani va ularning ishtiroki sezilarli darajada ortgani eʼtirof etildi. Shuningdek, talabalar vazirga oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi, taklif va mulohazalarini bildirishdi. Jumladan, yoshlar tomonidan plastik chiqindilardan foydalanishni keskin kamaytirish, atrof-muhitning ifloslanishiga qarshi kurash, daraxtlarni kesmaslik, bu borada ekologik madaniyatni oshirish, yoshlarning faolligini yanada kuchaytirish, Oʻzbekistonning ichki va tashqi turizmini kengroq targʻib qilish kabi muhim taklif va mulohazalar bildirildi. 

Aziz Abduhakimov “Central Asian Green University”ning ahamiyati va boshqa universitetlardan afzalligi haqidagi savolga javob berarkan, mazkur oliy taʼlim muassasasida nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyoga daxldor ekologik dolzarb muammolarni hal qilishda muhim oʻrin tutadigan malakali kadrlar tayyorlanishini taʼkidladi. 

“Bugun hech qaysi sohani yoshlarsiz rivojlantirib boʻlmaydi. Xususan, ekologiya va turizmni rivojlantirishda ham Siz yoshlarning bilimingizga, shijoatingizga, yangidan-yangi gʻoyalaringizga suyanamiz. Bugun sizning dolzarb muammolarni hal qilish borasidagi takliflaringiz, fikrlaringizni tinglab, yoshlarimizda ekologik ong, masʼuliyat yanada oshib borayotganining guvohi boʻldim. Bu, albatta, quvonarli”, — dedi Aziz Abduhakimov.

Vazir soha rivojiga hissa qoʻshadigan har qanday taklif, albatta, qoʻllab-quvvatlanishini aytib oʻtdi. Shuningdek, u faollik va atrof-muhitga boʻlgan gʻamxoʻrlik uchun yoshlarga alohida minnatdorlik bildirdi.

"Agar siz ekologiya nima, deb so'rasangiz, men yoshlar, deb javob beraman" - Aziz Abduhakimov

Tadbir yakunida bir qator yosh ekologlar va ko‘ngillilar, jumladan, "ProRun" loyihasi asoschisi Andrey Kulikov, "Mening yurtim" telekanali boshlovchisi Amirxon Umarov, "Renessans" telekanali jurnalisti Sardorbek Isroilov, Eng faol eko-bloger Mo‘tabar Xushvaqtova, O‘zbekiston volontyorlar uyushmasi direktori Shirin Abidova, “Yosh ekologlar” harakati direktori o‘rinbosari Ixtiyor Mahmudov hamda Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro, Andijon viloyatlari va respublikaning boshqa hududlaridan kelgan bir qator ekoko‘ngillilar va turizm faollari taqdirlandi.

Фойдали манбалар