O‘zbekistonda suvli-botqoqli yerlarni muhofaza qilish bo‘yicha Milliy strategiya ishlab chiqiladi
15.
02. 2024
11:26
2552
Янгиликлар

Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan CMS COP14 xalqaro konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Suvli-botqoqli hududlar toʻgʻrisidagi “Ramsar”  konvensiyasi bosh kotibi Musonda Mumba bilan uchrashdi.

Vazir yuqori martabali mehmonga Samarqandga tashrifi va Yovvoyi tabiatning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishidagi ishtiroki uchun minnatdorlik bildirdi. 

Uchrashuvda O‘zbekiston, xususan, Samarqand global ekologik muloqotlar markaziga aylanayotgani, xususan, yaqinda BMTning Cho'llanishga qarshi kurash to'g'risidagi konvensiyasi (CRIC-21) o‘tkazilgani va aprel oyida Samarqand Iqlim bo‘yicha xalqaro forumga mezbonlik qilishi ta’kidlandi.

“Atrof-muhitni muhofaza qilish O'zbekiston hukumati uchun chinakam ustuvor vazifaga aylandi. Mamlakat Prezidentining Dubayda bo‘lib o‘tgan COP28 iqlim sammitidagi ishtiroki ham fikrimizning isbotidir. Davlatimiz rahbari tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish mexanizmlarini yanada qattiqroq qo'llash, muqobil energiya manbalariga o'tish va ekologik ta'limni kuchaytirishga katta e’tibor qaratilmoqda, — dedi Aziz Abduhakimov. — Biz Markaziy Osiyo mintaqasi global iqlim muammolarini bartaraf etish, umumiy farovonlik yo‘lida birlashishi tarafdorimiz”.

Uchrashuv davomida “Ramsar” konvensiyasi bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi. Vazir “Jiltirbas” ko'li xalqaro ahamiyatga ega bo'lgan suvli-botqoqli yerlar ro'yxatiga kiritilgani uchun tashakkur bildirdi. 

Ma’lumot uchun, bugungi kunda O‘zbekistonning 5 ta hududi “Ramsar” konvensiyasi ro‘yxatiga kiritildi. Bular: “Dengizkoʻl” koʻli (2001), Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi (2008), “Toʻdakoʻl” va Quyimozor suv havzalari, Sudochye (2023) hamda “Jiltirbas” (2024).

“Jiltirbas ko‘lining xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvli-botqoqli hududlar ro‘yxatiga kiritilishi biz uchun ushbu hududda tabiatni muhofaza qilish choralarini yanada kuchaytirish uchun qonuniy asos bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, bu yerda ekoturizmni rivojlanish uchun imkoniyat yaratadi”, — dedi Aziz Abduhakimov.

Uchrashuvda, shuningdek, GIZ tashkiloti bilan hamkorlikda “Sudochye” ko'li hududini boshqarish, suvli-botqoqli yerlarni muhofaza qilish bo'yicha Milliy strategiya ishlab chiqish rejalashtirilayotganligi qayd etildi. Bu strategiya “Ramsar” obyektlarini qamrab oladi va suvli-botqoqli yerlar hamda suv havzalarini muhofaza qilishni kuchaytirishga zamin yaratadi.

Uchrashuv davomida Musonda Mumba ekologiya sohasidagi fidoiy xizmatlari uchun "Tabiat himoyachisi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Aziz Abduhakimov "Ramsar" bosh kotibiga atrof-muhitni muhofaza qilishga qo‘shayotgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.

Yakunida atrof-muhit va suvli-botqoqli yerlarni asrashga qaratilgan amaliy ishlar va tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish, O'zbekistonda, shuningdek, mintaqaviy miqyosda — Markaziy Osiyoda “Ramsar” obyektlari tarmog'ini rivojlantirish va suv qushlari turlarini transchegaraviy saqlash, “Ramsar” obyektlarida turizm imkoniyatlarini o‘rganish, jamoatchilik va yoshlarni jalb qilish borasida hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.

Фойдали манбалар