Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Biologik xilma-xillik haqidagi konvensiya ijrochi kotibi Devid Kuper bilan uchrashdi.
Vazir O‘zbekiston hukumati nomidan yuqori martabali mehmonga CMS COP14 xalqaro konferensiyasidagi ishtiroki uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, yurtimizda atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi izchil islohotlarga e'tibor qaratildi.
“2023-yil O‘zbekistonda ekologiya sohasida ulkan o‘zgarishlar yili bo‘ldi. Hukumat tomonidan dolzarb ekologik muammolarni bartaraf etishga qaratilgan islohotlar amalga oshirildi. Biz atrof-muhitni muhofaza qilish kompleksini tubdan o'zgartirish jarayonidamiz”, — dedi Aziz Abduhakimov.
Shu bilan birga, vazir O‘zbekistonda bioxilma-xillikni saqlash borasida ham qator ishlar qilinayotganligini qayd etdi.
“Oxirgi 6 yil ichida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar qamrovi 4 foizdan 14 foizga oshirildi. Hozirda 6 million gektarga teng muhim biologik xilma-xillik hududlarini himoya qilyapmiz, — dedi u. — Tanazzulga uchragan yashash joylarini tiklash juda muhim. Shuning uchun O‘zbekistonda keng ko‘lamli o‘rmonlar barpo etishga e’tibor qaratilmoqda, jumladan, Orol dengizi tubining 2 million gektardan ortiq maydoni qamrab olingan”.
Uchrashuvda O‘zbekistonda ekotizim muvozanati va barqarorligini saqlaydigan turlarni qayta tiklash bo‘yicha ilg‘or loyihalar ustida ishlanayotganligi qayd etildi. Jumladan, “Jayron” Buxoro ixtisoslashgan pitomnigi tashkil qilinganligi, pitomnik yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan turlarning populyatsiyasini tiklashda muhim ahamiyatga ega boʻlgan yuqori samarali naslchilik markazi hisoblanishi ta’kidlandi. Qolaversa, gepard kabi turlarni qayta tiklash bo‘yicha ham yana katta rejalar mavjudligi aytildi.
“O‘zbekistonda yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan Buxoro bug‘ularining eng ko‘p populyatsiyasi yashaydi. Biz ushbu noyob tur uchun qo'riqlanadigan hududlar tarmog'ini kengaytirish va takomillashtirish ustida ishlamoqdamiz”, — dedi vazir.
Uchrashuv davomida Bioxilma-xillik bo'yicha Kunming-Monreal global dasturi (GBF) fondi tashkil etilishi muhim va quvonchli yangilik ekanligi ta’kidlandi.
Yakunda biologik xilma-xillikni saqlashga qaratilgan loyihalarda hamkorlik qilish, Osiyo gepardlarini O'zbekistonga qaytarish va ko‘paytirish borasida Milliy reja ishlab chiqish va uni qo‘llab-quvvatlash, muhofaza etiladigan hududlar va tabiiy bog‘larda turizm imkoniyatlarini o‘rganish, jamoatchilik va yoshlarni jalb qilish masalari muhokama qilindi.