“Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi
17.
02. 2024
12:27
1949
Янгиликлар

16-fevral kuni Samarqandda “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi. Tadbirda universitet rektori Aziz Abduhakimov, universitetning ilmiy tadqiqotlar va innovatsiya ishlari bo‘yicha prorektori, professor Tongqian Zou, Samarqand turizm va madaniy meros texnikumi direktori Jo‘raqul Inoyatov, mahalliy va xorijlik talabalar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Dastlab mehmonlar texnikumdagi “El meros” majmuasi hamda “Sharqning buyuk allomalari va mutafakkirlari” xiyoboni loyihalari bilan tanishishdi. Vazir turistlar uchun har tomonlama qulay maskan yaratish lozimligini taʼkidladi. 

“Turistlar bu majmuada milliy liboslarimiz, san’atimiz, hunarmandchiligimizdan bahramand bo‘lishlari mumkin. Shuningdek, o‘zlari ham istagan san’at turlari bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ham ega bo‘ladilar. Maqsadimiz har tomonlama qulay maskan barpo etib, ichki va tashqi turizmni yanada rivojlantirish, yurtimizga keladigan xorijlik sayyohlar sonini oshirishdir”, — dedi Aziz Abduhakimov.

Jo‘raqul Inoyatov esa “El meros” majmuasi nomiga monand xalqimizning tarixiy boy merosini o‘zida aks ettirishini qayd etdi. 

"Xalqimiz boy an'ana va qadriyatlarga ega. Bizning ilm ahlida tengsiz ajdodlarimiz bor. Biz esa turistlar e'tiborini ana shu ma'naviy boyligimizga qaratmoqchimiz", — dedi Jo‘raqul Inoyatov.

Tadbir davomida, shuningdek, talabalar turar joyi batafsil tanishtirildi. Ma’lumot uchun, turar-joy 400 oʻringa moʻljallangan. Xorijiy va mahalliy talabalar uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Shuningdek, sport toʻgaraklari, kutubxona faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Hovlida bogʻ ham barpo qilindi.

“Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga ko‘plab imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Bugun foydalanishga topshirilayotgan talabalar turar joyi esa ana shu imkoniyatlarning navbatdagi samarasi hisoblanadi, — dedi Aziz Abduhakimov. — Bu maskan universitetda tahsil olayotgan yoshlar uchun har tomonlama qulay, xavfsiz hududda joylashgan. Bo‘sh vaqtlarini samarali o‘tkazishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bu biz uchun o‘ziga xos tajriba bo‘ldi va bu kabi qulayliklarni yaratishda davom etamiz”.

Universitet prorektori Tongqian Zou esa mazkur turar-joy talabalarning yanada ko‘proq bilim olishi, o‘qib-o‘rganishiga yordam berishini ta’kidladi. O‘z navbatida universitetda tahsil olayotgan xorijlik talabalar ham yangi turar-joy ularga juda ma’qul kelganini ta’kidlashdi.

“To‘rt oydan beri Samarqanddaman, — dedi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti magistranti, pokistonlik Surayya Ahmad. — Universitetdagi ta’lim tizimi va yaratilgan shart-sharoitlar juda yoqdi. Yangi qurilgan talabalar turar joyi ham juda chiroyli va har tomonlama qulay. Tezroq bu yerga ko‘chib o‘tishni intiqlik bilan kutyapman. Samarqandni tarixiy va arxeologik osori-atiqalari uchun yaxshi ko‘raman. Bu yerda yana bir yil qolib, betakror manzaralaridan bahramand bo‘lmoqchiman”.

Ma’lumot uchun, ayni damda “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida jami 3000 ga yaqin talaba tahsil oladi. Universitetda Hindiston, Indoneziya va Xitoy oʻquv xonalari tashkil etilgan.  1200 ta noyob rang-tasvir asarlari mavjud. Axborot-resurs markazida esa 24371 ta kitob (oʻzbek tilida - 4801 ta, rus tilida – 3680 ta, ingliz tilida - 10749 ta, boshqa tillarda - 5141 ta) bor.

Фойдали манбалар