Chiqindilardagi ikkilamchi xomashyo endi faqat birja orqali sotiladi
28.
02. 2024
14:40
2343
Янгиликлар

2024-yil 1-iyundan chiqindilardagi ikkilamchi xomashyoni faqat birja orqali sotish yo‘lga qo’yiladi. Bu vazifa Oʻzbekiston Prezidentining 2024-yil 4-yanvardagi “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 5-son Farmoniga muvofiq belgilangan.

Ma’lumot uchun, shu yilning 19-fevralida davlatimiz rahbari huzurida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, shu jumladan, chiqindilar bilan ishlash sohasini isloh qilishga bagʻishlangan taqdimot boʻlib oʻtdi. Taqdimot natijalari boʻyicha Prezident tomonidan Andijon viloyatida bir oy muddatda chiqindilar bilan ishlash masalasida pilot loyihasini amalga oshirish boʻyicha topshiriq berilgan va shtab viloyatda oʻz ishini boshlagan.

Ushbu topshiriq ijrosi birinchi boʻlib Andijon viloyatida amalga oshirildi. Ikkita korxona tomonidan 4 tonna miqdorida ikkilamchi chiqindi birja sotuvlariga qoʻyildi. Ahamiyatli tomoni, bu jarayon Oʻzbekistonda birinchi marotaba amalga oshirilmoqda. Bunday tajriba rivojlangan davlatlar, jumladan, Yaponiya, Koreya mamlakatlari va Yevropa Ittifoqida qoʻllanib kelinadi.

Qayd etish lozimki, endi ekologik va sanitar talablarga javob bermagan holda ikkilamchi chiqindilarni yigʻish va sotish bilan noqonuniy tarzda shugʻullanib kelayotgan shaxslar faoliyatiga chek qoʻyiladi.

Mazkur tizim kelgusida tadbirkorlar, ayniqsa, qayta ishlash bilan shugʻullanuvchi korxonalarga qulayliklar yaratadi. Bundan tashqari, chiqindiga, mulkka boʻlgan munosabatni shakllantirishga va aholi tomonidan ularni saralashga xizmat qiladi.

Фойдали манбалар