Ekologiya vazirligi Dispetcherlik va onlayn monitoring markaziy boshqarmasi tomonidan Namangan viloyatida o‘rnatilgan onlayn kuzatuv kameralari orqali belgilanmagan joyga chiqindi tashlash bilan bog‘liq bir qancha huquqbuzarliklarga chora ko‘rildi.
Xususan, Namangan shahri "Ilg'or" MFY hududida huquqbuzar tomonidan noqonuniy joyga chiqindi tashlangani aniqlandi. Unga nisbatan MJtKning 91-modda 1-qismi bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning 3 barobari — 1 million 20 ming so‘m miqdorida jarima belgilandi.
Shuningdek, Namangan shahri "Ilg'or" MFY, "Sardoba" MFY, " Isfarhon" MFY, "Haqiqat" MFY hududlarida ham fuqarolar tomonidan belgilanmagan joylarga chiqindi tashlangani ma'lum bo‘ldi. Huquqbuzarlar aniqlanib, ularga nisbatan MJtK 91prim 1-moddasi 1-qismi bilan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Har bir huquqbuzarga BHMning 1 barobari — 340 ming so‘mdan jarima tayinlandi.
Ma'lumot uchun, onlayn kuzatuv kameralarini respublikamizning barcha hududlarida o‘rnatish rejalashtirilgan. Bu kameralar nafaqat noqonuniy chiqindi tashlash, balki boshqa turdagi ekologik huquqbuzarliklarni ham aniqlashga va o‘z vaqtida chora ko‘rishga imkon beradi.