O‘zbekiston BMTning o‘rmonlar bo‘yicha forumida qatnashmoqda
11.
05. 2023
11:11
3299
Янгиликлар

AQSHning Nyu-York shahrida BMT o‘rmonlar bo‘yicha forumining 18-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. BMTning Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashi (ECOSOC) tomonidan tashkil etilgan forumda O‘zbekiston salohiyati Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligidagi delegatsiya tomonidan yuqori darajada namoyish etilmoqda.

Qayd etish joizki, tadbirda BMTning 2017–2030-yillarga mo‘ljallangan o‘rmonlar bo‘yicha strategik rejasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, O‘rmonlar bo‘yicha xalqaro bitim kuchga kirganidan keyin 2024-yilda o‘rta muddatli baholashga tayyorgarlik ko‘rildi.

Forum doirasida Oʻzbekiston tomoni raisligida Jahon banki, FAO (Food and Agriculture Organization – Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti), BMT YeIK, Kanada oʻrmon xizmati va Chexiya oʻrmon xoʻjaligi instituti bilan hamkorlikda qoʻshma tadbir tashkil etildi. Tadbirda BMTga aʼzo davlatlarning 100 dan ortiq vakillari, oʻrmonlarni boshqarish sohasidagi maʼmuriy va ilmiy doiralar, shuningdek, xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda nutq so‘zlagan Aziz Abduhakimov O‘zbekistonda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, keng ko‘lamli obodonlashtirish aksiyasi, Orol dengizining qurigan tubida o‘rmon barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, “Yashil makon” aksiyasi natijalariga to‘xtalib o‘tdi. Qolaversa, O‘zbekistonda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydoni mamlakat hududiga nisbatan 2016 yildagi 4 foizdan bugungi kunda 14 foizga kengaytirilganini alohida ta’kidladi. 

Bundan tashqari, Jahon bankining tabiiy resurslar mintaqaviy departamenti direktori P.Agostini Oʻzbekistonda oʻrmonlarni tiklash boʻyicha umumiy qiymati 142 million dollarlik loyihani taqdim etdi.

Yakunda tadbir ishtirokchilari Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan BMTning uchta yirik tadbiri – choʻllanish boʻyicha global tadbir (UNCCD CRIC-21), Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir Konvensiyasining 14-Tomonlar konferensiyasi (CMS COP-14) va Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasiga taklif etildi.

Tadbir 12-mayga qadar davom etadi.

Фойдали манбалар