BMTning Taraqqiyot dasturi bilan ekologik hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi
14.
06. 2023
14:27
2530
Янгиликлар

Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov va BMTning Yevropa va MDH davlatlari bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktori Ivana Jivkovich o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda mamlakatimizda BMTning Taraqqiyot dasturi bilan birgalikda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyiha va tashabbuslar hamda kelgusidagi istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, “yashil” iqtisodiyotga bosqichma-bosqich o‘tish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, ekologik ta’lim va madaniyatni yuksaltirish, kadrlar salohiyatini oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuv davomida kelgusida bioxilmaxillikni asrash va moliyalashtirish, Orolboʻyi hududida ekotizimlarni tiklash, ozon qatlamini muhofaza qilish, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish yoʻnalishidagi bir qator loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Aziz Abduhakimov BMT tomonidan Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni alohida ta’kidladi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan qabul qilingan va Orolbo‘yi hududini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasiga aylantirishga qaratilgan BMT Bosh Assambleyasining Maxsus rezolyutsiyasini yuqori baholandi.

BMT tomoni Samarqandda bo'lib o‘tadigan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir Konvensiyasining 14-tomonlar konferensiyasi (CMS COP-14) va Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasini o‘tkazish tashabbusini yuqori baholadi va ushbu tadbirlarda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

Фойдали манбалар