Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesish tartibi qanday?
07.
07. 2023
17:35
2084
Янгиликлар

Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga sanitariya maqsadlarida, shuningdek, binolar, inshootlar va kommunikatsiyalarni qurish va rekonstruksiya qilish bilan bogʻliq holatlarda yoʻl qoʻyiladi. 

Daraxtlar va butalarni kesish toʻlov asosida amalga oshiriladi, sanitariya maqsadida kesish hollari bundan mustasno.

Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesish uchun ruxsatnoma berish (olish) Vazirlar Mahkamasining «Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida» 2022-yil 22-fevraldagi qarorida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. 

Bunda Ekologiya vazirligining hududiy boʻlinmalari yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish uchun taqdim etilgan arizani koʻrib chiqish muddati davomida:
– hujjatlarni tekshiradi;
– zaruratga koʻra boshqa davlat organlarida mavjud, qaror qabul qilish uchun zarur boʻlgan ma’lumotlarni «Litsyenziya» AT orqali mustaqil ravishda oladi;
– daraxtlar va butalar holatini joyiga chiqib oʻrganadi;
– daraxtlar va butalarni kesish boʻyicha jamoatchilik eshituvini amalga oshiradi va uning xulosasini shakllantiradi;
– daraxtlar va butalarni saqlab qolish imkoniyatlarini, shu jumladan, koʻchirib oʻtkazish masalasini koʻrib chiqadi hamda koʻchirib oʻtkaziladigan daraxtlar va butalarning soni, turi, muddatlari va koʻchirish joyini aniqlaydi;
– saqlab qolishning iloji boʻlmagan taqdirda, kesilishi lozim boʻlgan daraxtlar va butalar sonini belgilaydi hamda kompensatsiyaviy ekiladigan daraxtlar va butalarning soni, turi hamda ekish muddati va joyini aniqlaydi.

Muhim!
Yuridik va jismoniy shaxslarga har bir kesilgan daraxt va buta uchun kompensatsiya tarzida 10 tup qimmatliligi jihatidan kesilgan daraxt va butalardan kam boʻlmagan yirik oʻlchamli (daraxt – 5 yillik, buta – 3 yillik) koʻchatni ekish hamda ularni kamida ikki yil davomida parvarish qilish boʻyicha qoʻshimcha majburiyat yuklatiladi.

Daraxtlar va butalarni koʻchirib oʻtkazish ishlari Ekologiya vazirligining hududiy boʻlinmalari vakillari ishtirokida yer uchastkalarining mulkdorlari, egalari, foydalanuvchilari yoki ijarachilari tomonidan amalga oshiriladi.

Sanitariya maqsadida daraxtlar va butalarni kesish:
– quriyotgan yoki qurib qolgan;
– dekorativ xususiyatini yoʻqotish natijasida hovli, koʻcha va boshqa jamoat joylarining koʻrinishini buzib turgan;
– kasallikka chalingan;
– kasallik tarqatuvchi hayvonlar va hasharotlarning manbaiga aylangan;
– odamlarning hayoti va sogʻligʻiga hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf solayotgan holatlarda amalga oshiriladi.

Sanitariya maqsadida daraxtlar va butalarni kesish:
– shaharlar va tumanlar markazidagi koʻchalarda hamda zaxira yerlarda — mahalliy davlat hokimiyati organlari;
– mahallalar hududlari hamda koʻp kvartirali uylar oraligʻi va atrofida, shu jumladan, koʻchalar va boshqa aholi punktlarida — fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari, shuningdek, jismoniy shaxslarning murojaatiga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati organlari;
– tashkilotlarning hududlarida — yer egalari;
– umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari boʻylarida — Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining tashkilotlari;
– umumiy foydalanishdagi temir yoʻllar boʻylarida — «Oʻzbekiston temir yoʻllari» AJ tashkilotlari;
– daryo, soy, irmoq, kanal, zovur va ariqlar boʻylarida — tegishliligi boʻyicha mahalliy davlat hokimiyati va suv xoʻjaligi organlari;
– fermer xoʻjaliklari yerlarida va qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan boshqa yerlarda — yer egalari tomonidan amalga oshiriladi.

Kesish, butash va koʻchirib oʻtkazish ishlarida hosil boʻlgan chiqindilarning (shox-shabba, barglar va boshqa kesish ishlari qoldiqlari) olib chiqib ketilishi, shuningdek, buzilgan yerlarning qayta tiklanishi ushbu ishlarni amalga oshirgan mas’ullar tomonidan bir sutka davomida ta’minlanishi shart.

Фойдали манбалар