"Hisor" davlat qo'riqxonasi: "Seversov" va "Botirboy" muzliklariga ekspeditsiya tashkil etildi
01.
08. 2023
15:59
2756
Янгиликлар

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi "O‘zbekiston" telekanali bilan hamkorlikda “Hisor” davlat qo‘riqxonasining "Seversov" va "Botirboy" abadiy muzliklariga ekspeditsiya uyushtirdi.

Ma'lumot uchun, bu yerga ilk bora taxminan 120-130-yillar avval rossiyalik sayyoh va olim N. A. Seversov chiqqan. Ularni Botirboy degan mahalliy cho‘pon boshlab borgan. Shuning uchun ham uning nomi "Seversov" va "Botirboy" muzliklari deb ataladi.

“Hisor” davlat qo‘riqxonasi Pomir-Oloy tog‘ tizimiga kiradigan Hisor tizmasining shimoliy-g‘arbiy qismida joylashgan. Uning butun hududi yagona massiv sifatida sharqdan g‘arbga 37 km, shimoldan janubga 90 km.ga cho‘zilgan. Tog‘ yotqiziqlari ichida paleozoy jinslari ko‘p uchraydi. Cho‘qqilarining balandligi 2500 metrdan 4387 metrgacha. Jumladan, "Hazrati Sulton" tog‘i – 4387 m, "Xo‘ja-kirshavor" – 4303 m, "To‘rtqo‘ylik" – 4366 m,  Bibi-O‘lmas tog‘i – 4349 m.

“Hisor” davlat qo‘riqxonasi hududida balandligi 4387 metrgacha bo‘lgan "Hazrati Sulton", "Xo‘jaqirshivor", "To‘rtqo‘ylik", "Bibi O‘lmas", "Xo‘japirpir ota", "Nomsiz" cho‘qqilari joylashgan bo‘lib, ular Surxondaryodagi "Xo‘japiryak" hamda "Osmon talash" cho‘qqilari bilan yonma-yon qad ko‘targan. Bu cho'qqilar jami yettita bo‘lib, ularni «sakkiz aka-uka» deyishadi.

Abadiy muzliklar mavjud bo‘lgan  ushbu cho‘qqilardan "To‘palangdaryo" va "Oqsuv" daryolari boshlanadi. Bu yerda ancha yirik "Botirboy" muzligi joylashgan, uning maydoni 1600 gektar. "Oqsoy" daryosining yuqori irmog‘i va uzunligi 9-10 km bo‘lgan "Xoliqdod" soyi "Botirboy" muzligidan boshlanadi.

Qo‘riqxona hududidagi daryolar ulkan tog'lar tepasida – 3155 gektar maydonda joylashgan "Seversev" hamda "Botirboy" muzliklaridan boshlanadi. Ularning eng yiriklari "Oqsuv", "Tanxoz" va "Qizildaryo" daryolari hisoblanadi. 

“Hisor” qo‘riqxonasi hududida katta-kichik 10 ga yaqin ko‘l bor. Jumladan, bugungi kunga qadar ular to‘liq o‘rganilmagan, faqatgina ko‘llarning dengiz sathidan balandligi, sathining eni va bo‘yi aniqlangan, xolos.

Фойдали манбалар