“UZPLOGGING”: bir kunda 150 kiloga yaqin plastik chiqindi yig‘ildi
28.
08. 2023
11:34
2632
Янгиликлар

27-avgust kuni Toshkentda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan “ProRun” yugurish maktabi hamda “Sanfa” kompaniyasi bilan hamkorlikda ekologik yugurish – “UZPLOGGING” tashkil qilindi. 



Tadbirda Ekologiya vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, hamkor tashkilotlar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va ishtirokchilar qatnashdi.

“Ekologiya vazirligi tashkil topganidan keyin aynan plogging tadbirlariga katta e’tibor qaratilyapti, — dedi ploggingni ochib bergan Jusipbek Kazbekov. — Chunki bu tadbir orqali sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish bilan birga aholida ekologik madaniyatni shakllantirish, chiqindilarni faqat belgilangan joyga tashlash kerakligini tushuntirish, tabiatni toza saqlash asosiy burchimiz ekanligini anglatish maqsad qilingan”.



Tadbir “Ekopark”dagi qabul punkti hududida plogging ishtirokchilari yig'ilishidan boshlandi. Yomg‘irli kun bo‘lishiga qaramasdan, ishtirokchilar 3 kilometrga yaqin masofani yugurib bosib o‘tib, plastik chiqindilar yig‘ishdi.

Har bir ishtirokchiga qayta ishlangan plastikdan tayyorlangan maxsus medal hamda futbolka berildi. Og‘irligiga ko‘ra eng ko‘p chiqindi to‘plagan ishtirokchilar esa g‘olib deb topildi. 

Ta’kidlash kerakki, kun davomida ishtirokchilar tomonidan jami 150 kilogrammga yaqin plastik chiqindi yig‘ildi. Plogging yakuniga ko‘ra, 1-o‘rinni Suxrob Ro‘zaliyev (14,2 kg), 2-o‘rinni Ro‘zimboy Yo‘ldoshboyev (14,2 kg), 3-o‘rinni esa Mirazim Mahmudov (9,34 kg) qo‘lga kiritdi. 

G‘oliblarga plogging hamkori — Sanoat-qurilish bankning pul sertifikatlari topshirildi:
1-o‘rin – 1 000 000 so‘m;
2-o‘rin – 1 000 000 so‘m;
3-o‘rin – 1 000 000 so‘m.

Shu bilan birga, 1 soat ichida eng ko‘p plastik to‘plagan ishtirokchi Dinara Oxunova (6,66 kg) 500 ming so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Ma’lumot uchun, Ekologiya vazirligi tomonidan chiqindilarni ommaviy yig‘ish (plogging) tadbirlari doimiy tarzda o‘tkazilib kelinmoqda. Xususan, o‘tgan safargi plogging davomida ishtirokchilar kun davomida 300 kilogrammdan ortiq plastik chiqindilarni to‘plashgan.

Eslatib o‘tamiz, yig‘ilgan plastmassadan “Sanfa” kompaniyasi Qoraqalpog‘istonda yovvoyi hayvonlarni sug‘orish uchun geomembran ishlab chiqaradi.

Фойдали манбалар