Ekologik rekultivatsiya sohasidagi istiqbolli masalalar muhokama qilindi
07.
09. 2023
10:32
2679
Янгиликлар

Joriy yilning 6-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov Markaziy Osiyo uchun Ekologik reabilitatsiya hisobi (ERH) Assambleyasining raisi Adriaan Vandermeer hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari bilan uchrashdi.

Ta’kidlash joizki, Ekologiya vazirligi va YeTTB o'rtasida "Yangiobod va Chorkesar-2 uran konlari obyektlarini rekultivatsiya qilish" grant bitimi imzolangan. 

Ma’lumot uchun, rekultivatsiya – inson faoliyati natijasida unumdorligi sezilarli darajada pasaygan yerlar va suv resurslarini ekologik va iqtisodiy jihatdan tiklash bo‘yicha chora-tadbirlar majmuidir.
Bitim loyihasida Toshkent viloyatining Yangiobod shahri va Namangan viloyatining "Chorkesar" qishlog‘idagi sobiq uran konlari hududini tiklash va meliorativ holatini yaxshilash ko‘zda tutilgan.

Uchrashuv davomida tomonlar sobiq uran konlarini rekultivatsiya qilish bilan bog‘liq rejalashtirilgan va amalga oshirilayotgan tadbirlar haqida suhbatlashdilar. 

Jumladan, ERH Assambleyasining 8-yig‘ilishi mavzulari bilan qisqacha tanishish, tegishli ruxsatnomalarni rasmiylashtirishda kechikishlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida loyihani amalga oshirishda boshqa vazirlik va idoralar bilan muvofiqlashtirish, monitoring va texnik xizmat ko'rsatish hamda boshqa qator masalalar muhokama qilindi.



Ma’lumot uchun, joriy yilning 8–9-sentabr kunlari ERH, Yevropa komissiyasi, Xalqaro atom energiyasi agentligi, EXHT, BMTTD, Q‘irgiz va Tojikiston Respublikasi vakillari ishtirokida ERH Assambleyasining 8-yig‘ilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Chexiya, Estoniya, Finlyandiya, Fransiya, Vengriya, Latviya, Ruminiya, Shvetsiya, Shveytsariya, Niderlandiya, Buyuk Britaniya, AQSh diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining sobiq uran konlarni rekultivatsiya qilish ishlari bilan tanishish maqsadida Yangiobod shahriga tashrifi ko‘zda tutilgan.

Фойдали манбалар