Samarqandda ilk bor o‘tkazilgan BMT konferensiyasi yuqori saviyada tashkil etildi – Ibrohim Tiau
18.
11. 2023
16:54
2563
Янгиликлар

Samarqandda BMTning cho‘llanish to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. 

Tadbirda BMT Bosh kotibining o'rinbosari, cho'llanish va qurg'oqchilikka qarshi kurash bo'yicha Konvensiyaning (UNCCD) ijrochi kotibi Ibrohim Tiau, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov, BMT UNCCD ijrochi kotibi Kseniya Sklenlon, Serbiya sog'liqni saqlash instituti bo'lim boshlig'i, sog'liqni saqlash bo'yicha mutaxassis Biljana Kilibarda, xorijiy delegatlar vakillari va mahalliy hamda xorijiy OAV ishtirok etdi.

“Birinchi marta konferensiya bunday yuqori darajada tashkil etildi. Samarqanddagi tadbir ko‘lami, tadbirlar, ko‘tarilgan mavzularning dolzarbligi bilan yodda qoladigan bo‘ldi. Qolaversa, bu galgi konferensiya ishtirokchilar soni jihatidan ham eng yaxshisiga aylandi, — dedi Ibrohim Tiau. — Biz millionlab insonlarning hayotini yaxshilash, dolzarb ekologik muammolar, xususan, qurg‘oqchilik, cho‘llanish va yerlarning degradatsiyaga uchrashi, chang va qum bo‘ronlariga qarshi chora-tadbirlarni muhokama qildik. Shu bilan birga, o‘zbek xalqining mehmondo‘stligidan ham bahramand bo‘ldik”. 

Ibrohim Tiau konferensiya doirasidagi muhokamalar, taklif qilingan yechimlar, kelishuvlar bizni tashvishga solib kelayotgan global muammolarga yechim topishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, 5 kun davomida qatnashchilar yerni barqaror boshqarish, qurgʻoqchilikka chidamlilikni oshirish, barqaror qishloq xoʻjaligida ayollar yetakchiligini qoʻllab-quvvatlash, yer degradatsiyasi va uning oldini olishga qaratilgan tadbirlarni moliyalashtirish hamda iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq majburiy migratsiyaga qarshi kurashishda strategik maqsadlarni amalga oshirish borasidagi muammolar va imkoniyatlarni koʻrib chiqdi.

““CRIC-21 dunyoda chang va qum boʻronlari muammosi ko‘tarilgan ilk global tadbirga aylandi, — dedi Obidjon Qudratov. — Shuningdek, sessiya davomida yerni barqaror boshqarish, qurgʻoqchilikka chidamlilikni oshirish, barqaror qishloq xoʻjaligida ayollar yetakchiligini qoʻllab-quvvatlash kabi dolzarb masalalarni muhokama qildik. Qolaversa, yer degradatsiyasi va uning oldini olishga qaratilgan tadbirlarni moliyalashtirish hamda iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq majburiy migratsiyaga qarshi kurashishda strategik maqsadlarni amalga oshirish borasidagi muammolar va imkoniyatlarni ham koʻrib chiqdik”.

Ta’kidlash joizki, konferensiyada 1000 ga yaqin ortiq ishtirokchi, xususan, Konvensiyaga aʼzo davlatlar, Yevropa Ittifoqi, BMT, nufuzli xalqaro tashkilotlar, davlatlararo va nodavlat tashkilot vakillari ishtirok etdi. CRIC-21 doirasida 40 ga yaqin parallel sessiyalar tashkil etilib, sessiyada koʻrilayotgan mavzular batafsil yoritildi. Shu bilan birga, parallel tadbirlarda ushbu yoʻnalishda mintaqa va dunyodagi global muammolar yechimlari boʻyicha qilingan eng yaxshi natijalar namoyish etildi.

“Ushbu sessiya ishtirokchi davlatlar uchun umumbashariy muammolarni birgalikda bartaraf etish borasida o‘zaro fikr almashish, tajriba orttirish imkonini yaratdi, — dedi Biljana Kilibarda. — Mavzu juda dolzarb, ko‘tarilgan muammolar jiddiy. Ishtirokchi davlatlar sessiya davomida kelajakda amalga oshirishlari lozim bo‘lgan chora-tadbirlarni belgilab oldilar”.

Matbuot anjumani davomida 2024-yil dekabr oyida Saudiya Arabistonida boʻlib oʻtadigan 16-Tomonlar Konferensiyasida Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilayotgan Chang va qum boʻronlari boʻyicha Samarqand deklaratsiyasini koʻrib chiqish taklif qilindi.

Ma’lumot uchun, 2015-yildan beri taxminan 4 million km2 sogʻlom va unumdor yerlar yoʻqolgan, bu taxminan Oʻrta Osiyo hajmiga teng. 2030-yilga borib yerni barqaror boshqarish boʻyicha global maqsadlarga erishish uchun yerning keyingi degradatsiyasini zudlik bilan toʻxtatish va kamida 1 milliard gektar maydonni tiklash lozim. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasi degradatsiyaning salbiy taʼsiri natijasida yiliga 6 mlrd dollar zarar koʻrmoqda. Bu raqamlar Samarqanddagi sessiya bejizga tashkil qilinmagani, cho‘llanish, qurg‘oqchilik kabi ekologik muammolar tobora jiddiy tus olayotganini va bu muammolarni hal qilish uchun birlashish lozimligini anglatadi.

Фойдали манбалар