"Qizil kitob"ga kiritilgan o‘simliklarga shikast yetkazganlik va brakonyerlik uchun jarima miqdori oshirildi
12.
12. 2023
17:59
3509
Янгиликлар

O‘zbekiston "Qizil kitobi"ga kiritilgan o‘simliklarga zarar yetkazganlik uchun jarima miqdori 5 barobarga, hayvonlarga zarar keltirganlik uchun jarima miqdori esa 10 barobarga oshirildi. 

Bu Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida”gi 2014-yil 20-oktabrdagi 290-son qaroriga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qarorida belgilab qo‘yildi.

Hujjat  o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya qilmaganlik uchun huquqiy javobgarlik choralarini kuchaytirishga qaratilgan.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston "Qizil kitobi"ga kiritilgan o‘simliklarga yetkazilgan zarar uchun belgilangan jarima miqdori 5 barobarga oshirildi. Bunda zarar miqdori quyidagi koeffitsiyentlarda hisoblanadi (bitta o‘simlik uchun):

— yoʻqolib ketayotgan turlar – BHMning 10 barobari (3,4 mln soʻm);
— kamyob turlar – BHMning 4 barobari (1,36 mln soʻm);
— kamayib borayotgan turlar – BHMning 2,5 barobari — (850 ming soʻm).

Shuningdek, hayvonlarga yetkazilgan zarar uchun jarima miqdori 10 barobarga oshirildi. Masalan, endi bitta qoplonni yo‘q qilganlik uchun O‘zbekiston fuqarosidan BHMning 3000 barobari (1 milliard 20 million so‘m), xorijiy fuqarolar va yuridik shaxslardan esa 400 ming dollar undiriladi.

Mazkur qaror qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2023-yil 11-dekabrdan kuchga kirgan.

Фойдали манбалар