Ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan Qonun loyihasi ma'qullandi
22.
01. 2024
10:32
1561
Янгиликлар

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi takliflari asosida tayyorlangan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun Oliy Majlis Senatining 49-yalpi majlisida  koʻrib chiqildi va maʻqullandi.

Taʼkidlash joizki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlikni taʼminlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanitariya va ekologik holat sifatini oshirish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Biroq qurilish, ishlab chiqarish va urbanizatsiya koʻlamining kengayishi tabiatga chiqariladigan tashlamalarning keskin ortishiga sabab boʻlmoqda. Bu esa tabiiy muhitning meʼyoridan ortiq darajada ifloslanishi oldini olish maqsadida tabiatga zararli taʼsir koʻrsatayotgan obyektlar faoliyatini cheklash yoki toʻxtatish mezonlarini qayta koʻrib chiqishni taqozo etmoqda.

Bugungi kunda hududlarda, ayniqsa, shaharlarda ayrim sanoat korxonalari tomonidan tashlanmalarning atmosfera hamda suvga meʼyordan bir necha bor yuqori miqdorda tashlanishi fuqarolarning turmush tarzi, hayoti va sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Misol uchun, sanoatning asosiy tarmoqlari hisoblangan energetika, neft va gaz, kimyo, metallurgiya, qurilish materiallari kabi tarmoqlarda bu jarayon doimiy tarzda monitoring qilinadi.

Monitoring kuzatuv natijalariga koʻra oxirgi bir yil davomida 284  tashkilotning 552 ta ifloslantirish manbasida ifloslantirish darajasi belgilangan meʼyordan ortgani aniqlangan. Jumladan, atmosfera havosiga tashlama tashlaydigan 77 tashkilotning 152 ta manbasida, suv havzalariga oqava suvlarini tashlaydigan 169 tashkilotning 323 ta manbasida, tuproqlarni ifloslantiruvchi 38 tashkilotning 77 ta manbasida ifloslantirish darajasi belgilangan meʼyordan ortgan.  Shuningdek, 98 tashkilotning 269 ta manbasida ifloslantirish darajasi doimiy tarzda meʼyordan ortganligi aniqlangan. Bu esa atrof-muhit holatining yomonlashishiga, fuqarolar hayotiga salbiy taʼsir qilishiga, shuningdek, aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.

Yuqoridagi sabab va omillarni inobatga olib, “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi hamda “Ekologik nazorat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Bu o‘zgartirishlar korxonalar, tashkilotlar, inshootlar va boshqa obyektlarning ekologiyani me'yoridan ortiq ifloslantiruvchi manbalarini oʻn ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatga cheklash, toʻxtatib turishni nazarda tutadi. Maqsad  ekologiyaning meʼyoridan ortiq ifloslanishi hamda aholining hayoti va sogʻligʻiga xavf yuzaga kelishining oldini olishdir.  

Qolaversa, mazkur qonun vakolatli davlat organlarining masʼuliyatini oshirish yo’lida xizmat qiladi.

Фойдали манбалар