Prezident tomonidan ekologiyani yaxshilashga doir muhim topshiriqlar berildi
29.
01. 2024
18:12
2561
Янгиликлар

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida uy-joy, qurilish, kommunal xoʻjaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda ekologiya sohasidagi dolzarb masalalar ham tahlil qilindi.

Yigʻilishda hududlardagi ayrim korxonalarda haligacha 10 yildan ortiq ishlatilayotgan chang-gaz tozalash uskunalari mavjudligi, sanoat korxonalariga “oyoqqa turishi” uchun koʻplab yengillik va imtiyozlar berilgan boʻlsa-da, ayrimlari atrof-muhitni himoya qilish haqida oʻylab ham koʻrmayotgani, aksariyat hollarda qurilish obyektlari va loyihalari ekologik ekspertizadan oʻtkazilmasdan amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.

Maʼlumot uchun, 2020-yildan buyon hududlarda 22 mingta yangi sanoat korxonasi ishga tushdi, bu davrda qariyb 250 mingta yangi uy-joylar qurildi. Bugungi kunda sanoat korxonalari va avtomobillardan atmosferaga yiliga 2 million tonnadan ziyod ifloslantiruvchi moddalar chiqmoqda. Ayniqsa, poytaxtda, Olmaliq, Nurafshon, Ohangaron, Angren, Bekobod va Quvasoy shaharlarida havodagi ifloslantiruvchi moddalar miqdori boshqa hududlarga nisbatan ancha koʻp.

Davlatimiz rahbari tomonidan yuqoridagi holatlarni inobatga olgan holda ekologik vaziyatni yaxshilash borasida qator topshiriqlar berildi. Jumladan:

— 1-apreldan boshlab har bir hududning havo, suv va atrof muhitni ifloslanish darajasiga qarab tuziladigan reytingi joriy qilinadi;

— joylarda ekologik vaziyatni yaxshilash boʻyicha har bir tuman va shaharning “master-reja”si ishlab chiqiladi;

— yil yakunida hudud va tarmoqlarning ekologik reytingi va ekologik pasporti eʼlon qilib boriladi. Hokimlar aholini natijalardan xabardor qilib boradi;

— Toshkent va Nukus shaharlari, viloyat markazlari hamda sanoatlashgan 20 ta tumanda avtomatik havo monitoringi stansiyalari oʻrnatiladi;

— yil yakuniga qadar 112 ta yirik sanoat korxonasi va barcha sement ishlab chiqaruvchilarda zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatilib, eskilari almashtiriladi. Shuningdek, havoga chang tashlash darajasi yuqori boʻlgan korxonalarda filtrlar yangilanadi.

Bundan tashqari, “yashil belbogʻ”lar yaratishga alohida eʼtibor qaratiladi. Xususan:

— yirik qurilish materiallari, energetika, metallurgiya korxonalari tomonidan 5 gektardan “yashil belbogʻ” yaratilib, jami 10 million tup daraxt ekiladi;

— qurilish korxonalari ham ijtimoiy masʼuliyatni his qilgan holda, Toshkentda “yashil belbogʻlar” tashkil qiladi;

— “noqonuniy kesilgan har bir daraxt oʻrniga 100 ta koʻchat ekish” tizimi joriy qilinadi;

— Ohangarondagi 23 gektar va Yangiyoʻldagi 37 gektarda joylashgan sobiq chiqindi poligonlari hududida “yashil bogʻlar” tashkil qilish boshlanadi;

— kelgusi besh yil davomida Toshkent shahri va unga tutash Toshkent viloyati tumanlarini toʻliq yashillik bilan qoplashni nazarda tutuvchi kamida 3 ming gektar “yashil belbogʻ” va 200 gektar “yashil bogʻlar” tashkil qilinadi.

Shu bilan birga, suvga zararli tashlanmalarni oqizayotgan va oʻzidan zararli chiqindilarni koʻp chiqarayotgan korxonalar bilan ishlash boʻyicha alohida dastur amalga oshiriladi.

Qolaversa, atmosfera havosiga tashlanmalar tashlanishining oldini olish maqsadida:

— Poytaxt koʻchalarida atmosfera havosining sifat koʻrsatkichini doimiy eʼlon qilib boradigan tablo va monitorlar oʻrnatiladi;

— Poytaxtda ogʻir yuk mashinalari, 10 yildan oshgan avtomobillar hamda “Yevro-4”dan past yonilgʻidan foydalanishning ekologiyaga taʼsirini kamaytirish boʻyicha aniq mexanizmlar ishlab chiqiladi;

—2025-yildan Ai-80 markali benzindan voz kechish masalasi uzil-kesil hal qilinadi.

Taʼkidlash joizki, Davlatimiz rahbarining Xitoyga tashrifi davomida Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati bilan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolandi. Eng muhim natijalardan biri elektromobillar ishlab chiqarishni 500 mingtaga yetkazish borasida kelishuvga erishilgani bo‘ldi.

Yigʻilishda yoʻllardagi tirbandliklar ham havoning tozaligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani taʼkidlandi. Shu sababli jamoat transportini rivojlantirish borasidagi ishlar yanada jadallashtirilishi belgilab olindi. Xususan, endilikda avtobuslar xarid qilishda ularning yoʻlovchi sigʻimiga koʻproq eʼtibor qaratish, metro vagonlari sonini oshirish boʻyicha amaliy choralarni tezlashtirish lozimligi qayd etildi. Shuningdek, "Yashil energetika”ni qoʻllab-quvvatlash, ekologik muammolarning oldini olish va zararli oqibatlarni kamaytirish maqsadida aholining elektromobillarga oʻtishini ragʻbatlantirish tizimi joriy qilinadi.

Taʼkidlash joizki, davlatimiz rahbari tomonidan soʻnggi yillarda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi sohalarida qator samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, chiqindilarning ekologiyaga salbiy taʼsirini kamaytirish, ekologik turizmni rivojlantirish, qum-shagʻal materiallarini qazib olishni toʻxtatish, aholi va ekologiya uchun xavfsiz transport tizimini takomillashtirish va boshqa sohalarga oid qaror hamda farmonlari qabul qilindi. Bu izchil islohotlar yurtimiz ekologiyasini asrashda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz

Фойдали манбалар