Qum-shagʻal mahsulotlarini qazib olishga moratoriy oʻrnatiladi
20.
01. 2024
11:15
1370
Янгиликлар

Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari oʻzanlaridagi noruda materialarini qazib olishga muddatsiz moratoriy oʻrnatiladi. Oʻzbekiston Prezidentining “Suv havzalarida noruda materiallarini qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida shu haqida maʼlum qilindi.

Farmonga koʻra, endilikda daryo oʻzanlari, sohil boʻyi mintaqalari va suv muhofaza zonalaridan qum-shagʻal materiallari qazib olish faqat “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali amalga oshiriladi.

Moratoriy davrida daryo oʻzanlari, sohil boʻyi mintaqalari va suv muhofaza zonalaridan qum-shagʻal materiallarini noqonuniy qazib olish natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun jarima miqdori 10 baravarga oshiriladi. Shuningdek, jazo choralaridan biri sifatida huquqbuzarlikning bevosita ashyosini musodara qilish jazosini belgilash ham rejalashtirilgan.

Ekologiya vazirligi daryo oʻzanlaridan qum-shagʻal materiallarini qazib olishni “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi, Ekologik nazorat inspeksiyasi hamda Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi hamkorligida monitoring qiladi va doimiy reydlar oʻtkazib, tartibni buzgan shaxslarga nisbatan choralar koʻrib boradi.

Bundan tashqari, qum-shagʻal qazib olish borasida yangidan litsenziya berish jarayoni toʻxtatildi. “Xavfsiz daryo” DUK tomonidan ilgari berilgan litsenziyalar esa tekshirildi. Korrupsiyaga yoʻl qoʻyilgan holatlar aniqlanib, noqonuniy litsenziyalar bekor qilindi. Shuningdek, yangi konlar faoliyatini kamchiliksiz yoʻlga qoʻyishga alohida ahamiyat berilmoqda. Bu konlar qum-shagʻal narxlarining qimmatlashishiga yoʻl qoʻymaydi.

Farmonga muvofiq, vazirlik tomonidan quyidagi chora tadbirlar amalga-oshiriladi:

— yer usti tabiiy suv obyektlarining oʻzanlari, sohil boʻyi mintaqalari va suv muhofaza zonalarida noruda materiallarini qazib olish faoliyati bilan shugʻullanib kelayotgan barcha subyektlar tomonidan tegishli majburiyatlarning bajarilishi qatʼiy nazoratga olinadi;

— daryo oʻzanlari, sohil boʻyi mintaqalari va suv muhofaza zonalaridagi buzilgan yerlar bosqichma-bosqich rekultivatsiya qilinadi;

— tabiiy landshaftni qayta tiklash, obodonlashtirish hamda koʻkalamzorlashtirish ishlariga alohida eʼtibor qaratiladi.

Qolaversa, togʻ va togʻ oldi hududlarida muqobil noruda foydali qazilma konlari va kichik sanoat zonalarini tashkil qilish boʻyicha 2030-yilgacha moʻljallangan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi. Dastur  daryo oʻzanlari, sohil boʻyi mintaqalari va suv muhofaza zonalarida joylashgan noruda materiallarini qayta ishlash korxonalarini togʻ va togʻ oldi hududlariga yoki ushbu hududlarning yaqinida joylashgan kichik sanoat zonalariga koʻchirish, tadbirkorlik subyektlariga shart-sharoit yaratish maqsadida qoʻshimcha kichik sanoat zonalarini tashkil qilish va ularda muhandislik-infratuzilma obyektlarini barpo etish kabilarni oʻz ichiga oladi.

Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, bugungi kunda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan barcha muammolarni tizimli hal qilishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, chiqindilar boshqaruvida oʻzgarishlar yoʻlga qoʻyilib, buning natijasi oʻlaroq davlatimiz rahbarining chiqindilarning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirishga qaratilgan farmoni qabul qilindi.

Prezidentning 2023-yil 31-maydagi qarori bilan “Xavfsiz daryo” davlat unitar korxonasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tasarrufiga oʻtganidan keyin daryo oʻzanlarini muhofaza qilish borasida ham qator oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligidagi ishchi guruh Zarafshon, Sirdaryo va Chirchiq daryosiga borib, u yerlardagi ekologik vaziyatni oʻrgandi. Dron va boshqa texnik vositalar yordamida suratlar qayd qilinib, muammolar batafsil tahlil qilindi.

Maʼlumotlarga koʻra, 2019-2022-yillarda Chirchiq daryosida oʻzan tozalash va qum-shagʻal materiallarini qazib olish bilan 103 ta tadbirkorlik subyektlari shugʻullanib kelgan boʻlsa, hozirgi kunda Toshkent viloyat va Toshkent shahri hududidan oqib oʻtgan Chirchiq daryosi oʻzanini tozalash va qum-shagʻal materiallarini qazib olish yoʻnalishida 40 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritib kelmoqda. Bu oʻz navbatida Chirchiq daryosida oʻzan tozalash va qum-shagʻal materiallarini qazib olish bilan shugullanuvchilarning soni 61,5 foizga kamayganligini koʻrsatmoqda.

Qayd etish joizki, 2023-yilda Ekologiya vazirli tomonidan kiritilgan talabnomalarga asosan Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi 12 ta foydali qazilmalarni qazib olish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektining litsenzilarini bekor qilish boʻyicha sudlarga daʼvo arizalarini kiritgan.

Bundan tashqari, “Xavfsiz daryo boshqarmasi” DM bilan Chirchiq daryo oʻzanini tozalash va qum-shagʻal materiallarini qazib olish belgilangan talbalarga rioya etilmaganligi sababli, 3 ta xoʻjalik yurituvchi subyekt bilan tuzilgan shartnomalar bekor qilindi.

Vazirlik tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida Respublika boʻyicha daryolarda noqonuniy qum-shagʻal qazib olish bilan bogʻliq 303 holatda 268 nafar shaxsga nisbatan 68 mlrd soʻmlik choralar koʻrilgan boʻlib, shundan 42 holat boʻyicha 45 mlrd soʻm miqdorida tabiiy muhitga zarar yetkazilganligi uchun prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi.

Фойдали манбалар