Ekologiya vaziri yoshlar bilan uchrashdi
29.
04. 2024
18:57
1862
Янгиликлар

29-aprel kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida vazir Aziz Abduhakimov yoshlar bilan uchrashdi.

Ma'lumot uchun, “O'zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga ko’ra, 123 ming nafar yoshlar davlat tashkilotlariga biriktirilgan. Har bir tashkilot rahbari o’ziga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolarini o’rganishi va ijobiy hal qilishi ko’zda tutilgan. 

Uchrashuvda vazir yurtimizda yoshlarga sifatli ta’lim berish, kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini, Ekologiya vazirligi tomonidan ham bu borada samarali ishlar qilinganini ta'kidladi. 

"O‘tgan yilda vazirlikka jami 130 nafar yoshlar biriktirilgan edi. Shulardan 60 nafardan ortig‘ining muammolari hal etildi, ularni kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi, shuningdek, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama ko‘maklashildi", — dedi A. Abduhakimov.

Ta'kidlash joizki, alohida ishlash talab etiladigan yoshlar har bir vazirlik va idoralarga biriktirilib, ularning bandligini ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha amaliy ishlar tashkil etib kelinmoqda. Joriy yilda Ekologiya vazirligiga Toshkent shahar, Yunusobod tumani “Turkiston” MFYdagi 25 nafar alohida ishlash talab etiladigan yoshlar biriktirilgan. 

Uchrashuv davomida ana shu yoshlar bilan suhbat o‘tkazilib, ularning muammo va takliflari tinglandi. Shuningdek, takliflar asosida kelgusida amalga oshiriladigan vazifa va tadbirlar “yo‘l xaritasi”  ishlab chiqildi. 

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 19 milliondan ortiq yoki aholining 55 foizini tashkil qiladi. Mehnat bozoriga har yili 600 ming nafar yoshlar kirib kelayotgan bo‘lsa, kelgusi 10 yilda bu raqam 1 millionga yetadi. O‘z navbatida yoshlarga sifatli ta’lim berish, kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlash maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bu ishlarni mahallada tashkil etish bo‘yicha vertikal boshqaruv tizimi yaratildi. 9 500 ta mahallaga fidoyi va tashabbuskor yoshlar yetakchilari tayinlandi. Bu tizim orqali yoshlarga 100 dan ortiq imkoniyatlar yaratildi, ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash yo‘lga qo‘yildi. 

Uchrashuvda vazir yoshlarning muammolarini o‘rganish va ijobiy hal qilish uchun alohida Ishchi guruh shakllantirilganligini va har bir taklif, murojaatga alohida e'tibor qaratilishini qayd etdi. Yakunda yoshlarga kasb-hunar va chet tillarini o‘rganishlari uchun sertifikat berildi.

Фойдали манбалар