Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi nazorat inspeksiyasi hamda Toshkent shahar IIB hamkorligida navbatdagi reyd tadbiri o‘tkazildi.
Mazkur reyd tadbiri Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 14-sonli farmoni ijrosi yuzasidan amalga oshirildi.
Toshkent shahri, Yashnabod tumani, "Jarboshi" MFY, Chirchiq daryosida olib borilgan reyd davomida bir guruh fuqarolar tomonidan noqonuniy ravishda ekskavator va yuk mashinalaridan foydalangan holda qum-shagʻal xomashyosi qazib olinayotganligi aniqlandi. Natijada tabiatga 139 mln so‘m zarar yetkazilganligi ma'lum bo‘ldi.
Holat yuzasidan 9 ta shaxsga nisbatan MJtKning 70prim 1-moddasi 1-qismiga asosan 91 mln soʻm jarima belgilandi. Huquqbuzarlar jami 230 million so‘m to‘laydigan bo‘ldi. Shuningdek, texnika vositalari vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirildi.
Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 14-sonli farmonida asosan 2024-yil 1-maydan Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo, Surxondaryo va Sirdaryo daryolari o‘zanlarida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy o‘rnatildi. Ekologiya vazirligi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birga qum-shag'alni noqonuniy qazib olishga qarshi doimiy reyd tadbirlari olib borilmoqda.