Belgilanmagan joyga chiqindi tashlab, ham tabiatga, ham o‘zingizga zarar keltirasiz!
10.
07. 2023
11:31
3587
Янгиликлар

Ayni damda Ekologiya vazirligi tomonidan belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash holatlari aniqlanib, huquqbuzarlar qat'iy jazolanmoqda. 

Ma'lumot uchun, vazirlik tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi noqonuniy chiqindi tashlanadigan joylarda 25 ta zamonaviy kameralar o‘rnatilib, dispetcherlik va onlayn monitoring markaziy boshqarmasi tomonidan onlayn rejimda kuzatilmoqda, doimiy nazoratda. 

Jazo qat'iy, shikoyatga o'rin yo'q!  

— Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 91-moddasiga koʻra, sanoat chiqindilarini, maishiy chiqindilarni va boshqa chiqindilarni toʻplash, tashish, joylashtirish, zararsizlantirish, saqlash, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, realizatsiya qilish chogʻida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

— MJtKning 91(1)-moddasiga koʻra, belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni toʻkish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa oʻn baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. 

— Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yigirma baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

— Maishiy va qurilish chiqindilari poligonlariga joylashtirilishi kerak boʻlgan chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yigirma baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Bu huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli boʻlgan ashyoni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa oʻttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

Unutmang! 

Belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash orqali atrof-muhitga zarar keltirasiz. Qolaversa, bu huquqbuzarligingiz oʻzingizga ham qimmatga tushadi – katta miqdorda jarima ham toʻlashga majbur boʻlasiz.

Diqqat! 

Bugungi kunda qo‘shimcha 200 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Kelgusida butun respublikada 1000 ga yaqin kameralar o‘rnatiladi. Maqsad chiqindilarni duch kelgan joyga tashlab ketish holatlariga butunlay chek qo'yishdir.

Xulosa! 

Tabiat oldidagi mas’uliyatingizni his qilgan holda, oʻzingiz yashab turgan muhit, nafas olayotgan havo tozaligiga hissa qoʻshing. Chiqindilarni faqat chiqindi qutilariga yoki maxsus belgilangan joylarga tashlang.

Фойдали манбалар