Tojik kovragi qanday o‘simlik va uni asrash nega bunchalik muhim?
02.
08. 2023
13:10
3467
Янгиликлар

Insoniyat tabiat resurslaridan foydalanar ekan, bevosita salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda. Sanoat tarmoqlari va qishloq xo‘jaligining rivojlanib borishi, tabiiy maydonlarning keng miqyosda o‘zlashtirilishi ekologik muvozanat buzilishiga olib kelmoqda. Natijada o‘simliklar kamayib, genofond qisqarmoqda. 

Mamlakatimiz hududida hozirda 4500, ular orasida jiddiy muhofazaga muhtoj 300 dan ortiq kamyob endemik va relikt turlar mavjud. 

Ta'kidlash joizki, ko‘plab yovvoyi turlar, xususan, tojik kovragi dorivor o‘simligining keskin kamayib ketayotganligi juda tashvishli holatdir.

Tabiatni muhofaza qilish xalqaro uyushmasi tomonidan ishlab chiqilgan tasnifga ko‘ra, yo‘qolib ketish xavfi ostida qolgan tojik kovragi Janubiy Tojikiston, janubi-g‘arbiy Pomir-Oloy bilan bir qatorda O‘zbekistonning janubi (Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari)da tarqalgan.

Kovrakning yelim-smolasi tibbiyotda tomir tortishi, o‘pka sili, o‘lat, zaxm, ko‘kyo‘tal, tish og‘rig‘i, asab va boshqa kasalliklarga qarshi dori hamda quvvat beruvchi vositasi sifatida foydalaniladi.

Tabiiy holda o‘suvchi bu tur, butunlay yo‘q bo‘lib ketishining oldini olish maqsadida, Qizil kitobga kiritilgan hamda 2023-yil 16-fevraldagi PF-24-sonli Farmon bilan uch yil muddatga moratoriy eʼlon qilingan. 

Ammo, shunga qaramasdan, ayrim fuqarolar tomonidan qonun talablari qo‘pol ravishda buzilmoqda. Jumladan, Qashqadaryoda 4 ta holatda 4872 ta 2 mlrd 411 mln 640 ming so‘mlik, Surxondaryoda 3 ta holatda 659 ta 326 mln 799 ming so‘mlik tojik kovragi kesilib, tabiatga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilganligi holatlari yuzasidan 7 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Bosh prokuratura hamkorligida kovrak o‘simligiga o‘rnatilgan moratoriy talablari bajarilishi bo‘yicha hududlarni o‘rganish tadbirlari davom etmoqda.

O‘ktam O‘tayev, 
Bosh prokuratura Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi
sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i

Фойдали манбалар